“Bunyodkor” “Nasaf” uchun o'ch oladimi?

Narzulla Saydullayev
11 mar 2014
Bugun Osiyo Chempionlar ligasida 2-tur uchrashuvlari bo'lib o'tadi.
Yurtimiz sharafini himoya qilayotgan “Bunyodkor” o'z maydonida Qatarning “Al Jaish” klubini qabul qiladi. O'yin ancha qiziqarli kechishi kutilmoqda. Bir oycha avval doxaliklar “Nasaf”ni saralash bosqichida 5:1 hisobida dog'da qoldirishgandi. Endi Mirjalol Qosimov shogirdlarida o'ch olish uchun yaxshi imkoniyat tug'ildi.

2007 yil tashkil etilgan jamoa 2011 yil yuqori ligaga yo'llanma olgan. Debyut mavsumida ikkinchi, avvalgi yili esa uchinchi o'rinni egalladi. Ayni paytda turnir jadvalida peshqadam “Lahviya”dan 5 ochkoga ortda qolgan holda ikkinchi pog'onada bormoqda. Jamoaga Razvan Luchesku o'rniga tunislik Nabil Malul bosh murabbiy etib tayinlangach, ushbu klub yana ijobiy natijalarni qayd etishga tushdi. Jamoa Qatar chempionatida eng kamida sovrindorlar qatoriga kirish uchun yaxshi imkoniyatga ega. Kubokda esa yarim finalda “Qatar SK”ga 2:3 hisobida yutqazib, musobaqani tark etdi. “Al Jaish”ni biz fevral oyidan yaxshi bilib oldik. 8 fevral sanasida Doxada “Nasaf” bilan OCHL saralash bahsida maydonga tushgan doxaliklar 5:1 hisobida zafar quchishdi. “Bunyodkor” bilan bellashuvlarda bu jamoaning kuchi qay darajada ekanligini yana ko'rib olishimiz mumkin.



“AL JAISH” SPORT KLUBI
Tashkil etilgan yili:
2007
Stadioni: “Qatar” SK, 12 ming tomoshabinga mo'ljallangan
Rahbari: Hamad Ali Al Attiya
Bosh murabbiyi: Nabil Malul (Tunis)
O'tgan mavsum Qatar chempionatida uchinchi o'rinni egallagan.
Erishgan yutuqlari: Qatar Kubogi sohibi 2013, Qatar birinchi ligasi g'olibi 2011.

OCHL guruh bosqichiga chiqish uchun “Nasaf”ni 5:1, “Al Qodisiya”ni 3:0 hisobida mag'lubiyatga uchratgan doxaliklar birinchi turda Eronning “Fulad” jamoasini qabul qilishdi. O'yin mobaynida ustunlik mezbonlar tarafida bo'ldi, biroq shu kuni mehmonlar gol urishga imkoniyat berishmadi. Zarba berish borasida “Jaish”ning ishlari o'sha kuni yurishmadi. O'yinda jamoa tarkibi va uchrashuv statistikasi bilan tanishib oling.

“AL JAISH” – “FULAD” – 0:0
“Al Jaish”
: Ahmad Sufiyan, Ali Sanad, Anderson Martins, Murod Naji (Yusuf Mufta, 77), Abdulrahmon Issa, Vesam Riziq, Holid Zereyqi, Muhammad Maznani, Muhammad Muntari, Kembo Ekoko (Majid Muhammad, 90), Nilmar (Abdulqodir Ilyos, 77).

Burchak zarbalari – 3:1
Darvozaga aniq zarbalar – 3:3
Darvozaga noaniq zarbalar – 3:2
O'yin qoidasini buzishlar – 10:21
To'pni nazorat qilish – 62:38



Futbolchilarning amplualari bo'yicha olganda, Ahmad Sufiyan darvozani qo'riqlagan. Himoyaning chap qanotida Murod Naji, markazda Anderson Martins va Abdulrahmon Issa, o'ng qanotda Ali Sanad harakat qilgan. Vesam Riziq va Muhammad Muntari yarim himoya qanotlarida, Muhammad Maznani va Holid Zereyqi markazda o'ynagan. Hujumda esa Nilmar va Ekoko juftligi to'p tepgan. Bu jamoa milliy chempionatda juda ko'p to'p kiritmagan. 21 uchrashuvda 32 gol urish yuqori natija emas. Qatarda ushbu ko'rsatkich bilan “Jaish” 7-o'rinda, lekin kam kiritilgan to'plar ham g'alabalarga etarli bo'lgan. Jamoa himoyada ancha ishonchli o'ynashga intiladi. Chempionatda Ribeyro 7, Muntari 8, Ekoko 4 marta zafar quchib, asosiy to'purarlar bo'lib turibdi.

“Jaish”ning statistikasiga etibor qaratsak, asosiy gollarini doxaliklar 30-75 daqiqalarda urganiga guvoh bo'lamiz. Mavsum mobaynida bu jamoa ushub vaqt oralig'ida 21 bor zafar quchgan. 30-daqiqagacha va 75-daqiqadan keyin esa 11 bor to'p kiritgan. Demak, “Bunyodkor” himoyachilari yuqoridagi daqiqalarda yanada hushyorroq bo'lishlari talab etiladi.

0-15'  3
15-30' 4
30-45' 8
45-60' 6
60-75' 7
75-90' 4

“AL JAISH” TARKIBI
Darvozabonlar

1. Fahad Bakir
33. Ahmad Sufiyan
90. Ivanildo Rodriges
91. Saud Al Xatir
Himoyachilar
2. Murod Naji
3. Abdulla Suami
4. Anderson Martins (Braziliya)
6. Rami Fayoz
8. Yusuf Mufta
19. Abdurahmon Abkir
21. Ali Sanad
25. Abdulla Ali
95. Rashid Al Hajri
96. Jassim Abdulrahmon
Yarim himoyachilar
5. Muhammad Jabri
7. Vesam Riziq
14. Muhammad Maznani
17. Ko Seul Ki (Janubiy Koreya)
22. Dokali Sayyod
23. Xolid Abdurauf
27. Ahmad Mo'in
Hujumchilar
9. Nilmar (Braziliya)
10. Jires Ekoko (Kongo, Franciya)
12. Majid Muhammad
15. Abdulqodir Bakir
20. Vagner Ribeyro
29. Muhammad Muntari

Bosh murabbiy Nabil Malul Tunisdagi eng mashhur futbolchi va murabbiylardan biri hisoblanadi. Futbolchilik faoliyatida Germaniyada o'ynashga muvaffaq bo'lgan Malul murabbiy sifatida milliy terma jamoada ham faoliyat yuritgan. “Al Jaish”ga yanvar oyida bosh murabbiy etib tayinlangan.



NABIL MA'LUL
Tug'ilgan sanasi
: 25.07.1962
Tug'ilgan joyi: Tunis
Futbolchilikdagi ampluasi: yarim himoyachi
O'ynagan jamoalari: 1981–1989 “Tunis”, 1989–1991 “Gannover”, 1991–1994 “Tunis”, 1994–1995 “Bizert”, 1995–1999 “Afrikan”, 1999–2000 “Al Ahli”.
Boshqargan jamoalari: 2011–2013 “Tunis”, 2013 Tunis milliy terma jamoasi, 2014 yildan “Al Jaish”da.

Jamoa legionerlariga to'xtalsak, ulardan eng mashhuri Nilmar 29 yoshda. Braziliyalik hujumchi “Internasional”, “Korintians”, “Lion”, “Vilyarreal”, “Al Rayyan” kabi klublarda o'ynagan. Shu paytgacha uning umumiy transfer narxi 38 million evroni tashkil qilgan. Milliy terma jamoa safida 2009 yil JARda bo'lib o'tgan Konderaciyalar Kubogida g'olib chiqqan. Franciya, Braziliya va Gaucho shtati chempionatlarida oltin medallarga sazovor bo'lgan. Kongolik Ekoko esa “Renn”dagi faoliyati bilan tanilgan. U 2009 yil Franciya Kubogini qo'lga kiritgan.



Himoyachi Anderson Martins 26 yoshda bo'lib, “Vitoriya” va “Vasko de Gama” jamoalarida to'p tepgan. 2011 yil Braziliya Kubogida zafar quchib, Braziliya chempionatida kumush medallarga ega chiqqan. Koreyalik Ko Seul Ki OCHLda 2 bor g'olib chiqib bo'lgan. 2009 va 2012 yillarda “Ulsan Xyunday” bilan shunday mukofotga sazovor bo'lgan.

Behzod NAZAROV.

Narzulla SaydullayevMaqola muallifi
Muqova: championat.asia

Izohlar