O'zbekiston MTJ sobiq darvozaboni, "Neftchi" hujumchisi va 53 yoshli murabbiy - Superligada 4-turning eng yaxshilari

Sherzod Nurmatov
7 apr 2025
Championat.asia sayti O'zbekiston Superligasi 4-turining eng yaxshilarini aniqladi.

Championat.asia sayti talqiniga ko'ra 4-turning eng yaxshi darvozaboni – Javohir Ilyosov (OKMK)

Superligaga etakchi pog'onalar uchun kurash olib boradigan OKMK 4-turni o'z uyida "Dinamo"ni mehmon qilib, murosa ko'chasini tanladi (0:0). Mazkur uchrashuv kutilganidan zerikarliroq kechgan bo'lsa-da, olmaliqliklar posboni Javohir Ilyosov ikkita vaziyatda birga-bir holatda qolib ketib, jamoasi joniga ora kirdi. Shu tariqa, o'z vaqtida Ektor Kuper davrida terma jamoadan chaqiruv olgan darvozabon yuqori sport formasida ekanligini ko'rsatib, turning eng yaxshi posboni sifatida etirof etildi.


Championat.asia sayti talqinida 4-turning eng yaxshi murabbiyi – Vitaliy Levchenko ("Neftchi")

"Neftchi" 4-turda "Navbahor"ga qarshi "Vodiy derbisi"da maydonga tushdi. Vitaliy Levchenko shogirdlari so'nggi paytlarda ko'p tanqid qilinayotganiga qaramay, derbini ko'tarinki kayfiyatda o'tkazib, muhim g'alabaga erishdi. 53 yoshli murabbiy Farg'ona klubi 1:2 hisobida orqada borayotganida bir qator o'zgarishlarga qo'l urdi va bu o'z samarasini berdi. Derbini o'z tomoniga og'dirishga erishgan mutaxassis munosib ravishda CA tomonidan tur murabbiyligiga munosib ko'rildi. 


Championat.asia sayti talqiniga ko'ra 4-turning eng yaxshi futbolchisi – Zoran Marushich ("Neftchi")

Serbiyalik forvard Zoran Marushich 4-turda sobiq jamoasi "Navbahor"ni ranjitdi. Tajribali hujumchi "Neftchi" – "Navbahor" bellashuvining 64 va 72-daqiqalarida katta sahnaga chiqib, farg'onalik muxlislarga xursandchilik ulashdi. 


Championat.asia sayti talqiniga ko'ra 4-turning eng chiroyli goli muallifi – Zoran Marushich ("Neftchi")

"Neftchi"ning 31 yoshli hujumchisi "Navbahor"ga qarshi derbida jamoasining g'alabasini taminladi. Ayniqsa, u darvozaga kiritgan to'plarning ikkinchisi tomoshabinlarda o'zgacha taassurot qoldirdi. Hujumchi bir himoyachini aldab, to'pni o'ziga qulaylashtirib oldi hamda o'ng oyoqda chamasi 16,5 metrdan mo'ljalni poyladi – to'p darvoza to'sinini zirqiratib, to'rdan joy egalladi. Sayt jurnalistlari talqinida mazkur gol turning eng chiroyli goli sifatida qayd etildi.



Sherzod NurmatovMaqola muallifi
Qopqoq: Championat.asia

Izohlar

Ўзбек футболининг муҳлиси
7 apr
Иван Бошкович тур мураббийлигига лойиқроқ эди, ҳар холда Пахтакор ишончли ҳисобда мағлуб этилганди
Zohidjon Usarov
7 apr
Азимни голини йил голи учун олиб куйишдими.
nasafchempion♡
7 apr
Xusayn Norchayevni golini kimdir kurdimi yoki