Andijonda “Charm to'p-2019” viloyat bosqichi yakuniga etdi

Narzulla Saydullayev
20 avg 2019
Yurtimizda yoshlarni sportga jalb etish, mahallalarda millionlar o'yiniga bo'lgan e'tiborni yanada kuchaytirish maqsadida mamlakatimizning bir qator shahar va tumanlarida 18 yoshdan 30 yoshgacha bo'lgan o'g'il bolalar o'rtasida “Charm to'p-2019” musobaqasi tashkil etilgan.

Mazkur musobaqa Andijon viloyatida ham ko'tarinki ruhda o'tkazilib, kecha turnirning final o'yini bo'lib o'tdi.

Bosh sovrin uchun kurash Shahrixon tumanining “Yakka tut” MFY va Izboskan tumanining “Tuyachi” MFY jamoalari o'rtasida kechdi. Musobaqaning final uchrashuvi Andijon shahar, Sho'rbuloq dahasida joylashgan “Andijon-Akademiya”sining sun'iy qoplamali maydonida kechdi. Finalni sobiq futbolchi, endilikda o'zini hakamlikda sinab ko'rayotgan Lochin Dolimov boshqarib bordi.

Qiziqarli va murosasiz ruhda o'tgan uchrashuvning asosiy taymi 2:2 hisobi bilan yakuniga etdi. G'olib penaltilar seriyasi orqali aniqlandi. Lotoreyada shahrixonliklarning omadi chopdi deyish mumkin. Sababi “Yakka tut” MFY jamoasi penaltilar seriyasida 3:1 hisobida ustun kelib, bosh sovringa ega chiqdi.
O'yin yakunlangach, musobaqa ishtirokchilarini taqdirlash marosimi o'tkazilib, unda Andijon viloyat hokimligi, Viloyat jismoniy tarbiya va sport boshqarmasi, viloyat futbol assotsiatsiyasi hamda Andijon viloyat yoshlar ittifoqi vakillari so'zga chiqib, havaskor futbolchilarga o'z dil izhorlarini bildirib, estalik uchun bir qator sovg'alar, medallar va Kuboklarini topshirdi.

Shu tariqa “Charm to'p-2019” respublika miqyosidagi musobaqasining viloyat bosqichi yakuniga etdi.







Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: championat.asia