Aybek Nurbaev: "Pro liga yetakchilari orasidagi eng kuchli jamoa bu "Dinamo"

Administrator
10 sen 2023
Pro liga 17-turidan o'rin olgan "Aral" – "Dinamo" (0:1) uchrashuvidan so'ng mezbonlar murabbiyi Aybek Nurbaev uchrashuv haqida fikrlarini bildirib o'tdi.

- O'yin haqida

- Birinchi navbatda "Dinamo"ni g'alaba bilan tabriklayman. Uch ochko bizga juda zarur edi. "Lokomotiv" bilan durang qayd etgan "Dinamo" ham bu uchrashuvga katta e'tibor qaratdi. 19 avgustda oxirgi o'yinimizni o'tkazdik. Uch hafta o'yin amaliyotisiz qoldik. Shu sabab ham yigitlarning jismoniy holatida kamchiliklar bo'ldi. Bunday katta pauza bo'lsa, yigitlarni formada ushlab turish qiyin bo'ladi. O'yinga kelsak, ikki taym ikki xil bo'ldi. Birinchi bo'limda "Dinamo" ustunlik qildi, ikkinchi bo'limda esa bizning ustunligimizda o'tdi. Vaziyatlardan foydalana olmadik.

- 15 sentbr kuni "Xorazm"ga qarshi o'yindan so'ng, yana katta pauza yuzaga keladi. O'yinlar orasidagi bunchalik katta tanaffusga fikringiz qanday?

- Bu PFLning qarori. Biz nima ham qila olamiz. Ko'nishdan boshqa ilojimiz yo'q. "Xorazm"ga qarshi o'yin esa olti ochkolik uchrashuv bo'ladi. O'yinga yaxshilab tayyorlanib, bor kuchimizni ishga solamiz. Bugun uchrashuvga kelgan muxlislardan uzr so'rayman. Kelishgani uchun rahmat deb aytaman. 

- "Dinamo" baribir Superliga darajasidagi jamoa. Birinchi taymda o'yinimiz unchalik ham o'xshamadi. Bunga sabab nima bo'ldi?

- "Dinamo" tarkibida tajribali o'yinchilar ko'p. Bundan tashqari, legionerlarning ta’siri ham jamoa o'yinida bor. Shu jihatlar ularga ustunlik bermoqda. "Dinamo" kubokda ham yarim finalga yetib bordi. "Qo'qon-1912", "Lokomotiv" klublari bilan o'ynadik. Bu uch yetakchi jamoalardan eng kuchlisi deb "Dinamo"ni bilaman. "Dinamo" Superligaga loyiq jamoa. 


AdministratorMuallif
Manba: championat.asia