Baxtiyor Ashurmatov: "Tarkib bo'yicha meni xavotirga solayotgan jihat..."

Sherzod Nurmatov
2 apr 2021
Superliganing to'rtinchi turidan o'rin olgan "Qo'qon-1912" – "Bunyodkor" (0:0) uchrashuvidan so'ng mezbonlar bosh murabbiyi Baxtiyor Ashurmatov o'z fikrlari bilan o'rtoqlashdi.





- O'yin haqida

- Rostini aytsam, 2 ta vaziyat bizni juda ranjitdi, qaysidir manoda esa quvontirdi. Eng yoqmagan holat muxlislar bizdan g'alaba kutganlaklariga qaramasdan, gol urolmadik va durang o'ynadik. Birinchi vaziyat – muxlislarimiz gol ko'rishmadi, ikkinchisi – biz qimmatli ochkolarni yo'qotdik.  Xursand qilgan tomoni, "Bunyodkor"dek jamoa durangdan g'alaba qozongandek xursand bo'lishi bo'ldi. Jamoa qandaydir vaqt cho'zishga urindi. Maydonimizda o'ynagan raqib jamoa qiynalyapti, bu ozgina bo'lsa-da, bizni xursand qilyapti. Yigitlar tinimsiz mehnat qilishyapti. O'ylaymanki, natija albatta, keladi.  Borlarini berib o'ynayotgan futbolchilarimizga rahmat aytaman.  Xudo xohlasa, muxlislar kutgan g'alabani qo'lga kiritamiz.

- Suhrob Berdiev qachon safga qaytadi?

- Afsuski, Suhrob Berdievning tiklanish muddati biz kutgandan ko'ra cho'zilib ketdi. U hali mashg'ulotlarga ham qo'shilgani yo'q. Yakka mashg'ulotlarga kirishgandi, ammo oyog'ida og'riq sezildi. O'ylashimcha, Berdiev taxminan 1 oydan keyin safga qaytadi. 

- Bugun zaxiradan tushgan ikkita hujumchi (Sidorov va Xojimirzaev)ning o'yinidan qoniqdingizmi? Ular siz kutgan o'yinni ko'rsatdimi?

- Bugungi o'yinda zaxiradan tushirilgan o'yinchilar jamoa o'yinini kuchaytirishdi. Zaxiraga olingan o'yinchilar ham yaxshi o'ynashdi. Masalan, Norbekovdan hammamiz ko'p narsa kutyapmiz. U hali formaga kirib olsa, jamoamizga katta foyda keltiradi. Umuman olganda, zaxiradan tushganlar o'zlaridan yomon taassurot qoldirishmadi.  

- Jamoada uchinchi yil ishlayapsiz, bu vaqt ichida jamoa mehmonda ham ishonchli o'ynab, medallar uchun kurashadigan holatga keladimi?

- Jamoamizning o'tgan yilgi va bu yilgi o'yinlari orqali aytish mumkinki, jamoamiz bunga munosib ekanligini ko'rsatyapti. Biz har bitta o'yinda g'alaba uchun o'ynayapmiz. Futbolda omad muhim rol o'ynaydi. O'ylaymanki, omad kelsa, jamoa yuqori o'rinlar uchun kurashishga tayyor. Tarkib bo'yicha meni xavotirga solayotgan jihat – jamoamizga "dispetcher" o'yinchi yetishmayapti. Misol uchun, bugun Bambani asosiy tarkibda maydonga tushirdik, lekin uning o'yini qovushmagan pallada xuddi shu tipdagi o'yinchi zaxiramizda yo'q. To'p nazorati bo'yicha ozgina qiyinchilikka duch kelyapmiz. Birinchi davrada o'zimizga kerakli ochkolarni to'plab olsak, ikkinchi davrada selekciya ishlarini amalga oshiramiz.


Sherzod NurmatovMuallif
Manba: championat.asia