"Bunyodkor-W" omad evaziga g'alaba qozondimi?

Ayni kunlarda Iordaniyada ayollar klublari o'rtasida Osiyo chempionati bo'lib o'tmoqda.

Ushbu musobaqada "Bunyodkor-W" jamoasi yurtimiz sharafini himoya kilayotganidan xabaringiz bor. Elmira Gulyamova shogirdlari 2-tur doirasida mezbon "Amman SK" jamoasi ustidan g'alaba qozonishdi. Uchrashuv taqdirini "Qaldirg'ochlar" yarim himoyachisi Dildora Nozimovaning 90+1 daqiqasida penaltidan urgan goli hal qildi.  

Shundan keyin o'zbek klublarining musobaqadagi tarixiy g'alabasiga aylangan uchrashuv qahramoni bilan suhbat tashkil qildik.

- Dildoraxon, dastlab, "Amman"ga qarshi o'yin haqidagi fikrlaringiz bilan o'rtoqlashsangiz.

- Butun o'yin davomida bir jamoa bo'lib o'ynadik. "Amman SK" kuchli edi. Ularni yutish oson kechmadi. Biz oldingi o'yindagi xatolarimiz ustida ishladik va natijasini oldik deb o'ylayman.  

- Nega 1-taymda jamoaning o'yini o'xshamadi. Bu nima bilan bog'liq?

- Birinchi taymni raqibni o'rganish uchun sarfladik. Ikkinchi bo'limda esa murabbiyimiz ko'rsatmasi bilan maydonda bor kuchimizni ishga solib harakat qildik va yutdik. "Bunyodkor"dagi barcha qizlarga yaxshi o'yin ko'rsatgani uchun rahmat. 

- Bazilar "Bunyodkor" omad evaziga g'alaba qozondi, deyapti. Bunga munosabatingiz qanday?

- Hammaning o'z qarashi bor. Maydonda qanday muhit bo'lganini esa faqat o'yinchilar bilishadi. Biz bir jamoa bo'lib o'ynadik va o'z mehnatimiz evazga g'alaba qozondik. Muxlislar uchun keyingi o'yinlarda buni isbotlashga harakat qilamiz.

- Kechagi o'yin o'zbek klublarining xalqaro maydondagi 1-g'alabasiga aylandi. Va bu g'alaba sizning golingiz evaziga qo'lga kiritilgani yoqimlimi?

- Albatta, yoqimli. Men jamoamiz ishonchini oqlaganimdan juda xursandman.

- Jamoa to'purari Lyudmila Karachikning maydonda yo'qligi hujum chizig'ining ishlarini og'irlashtirdimi?

-  O'yin oldingilariga qaraganda qiyin kechdi. Hujum chizig'imizda u bo'lganda bundan ham chiroyli o'yin ko'rsatib, ko'proq gol ham urgan bo'lardik. Karachikning o'rni bilindi.

- Karachik maydonda bo'lsa ham, penaltini siz teparmidingiz?

- Murabbiyimiz har doim takidlaydilar, kimning o'ziga ishonchi yuqoriroq bo'lsa, shu tepsin deb. Lyudmila bo'lganida, balki, u tepgan bo'lardi. 

- Iordaniya sizga yoqdimi?

- Bu er O'zbekistonga qaraganda issiqroq o'lka ekan. Hozir shamol bo'lyapti. Umuman olganda, Aqaba shahri menga juda yoqdi.

Malumot uchun, "Qaldirg'ochlar"ning 3-tur uchrashuvi ertaga Toshkent vaqti bilan 19:00 da start oladi. Raqib - “Sri Gokulam Kerala” (Hindiston).

Malika Kushbakova suhbatlashdi


Muqova: championat.asia

Izohlar

Тор
12 nov 2021
Бунедкор W нинг 2 та уйинини хам youtube дан тулик курдим. Эрон клуби билан уйини ноль. Факат уша уйинда хам пеналтидан гол уришди. 2-уйинда хам пеналти булмаганида галаба йук эди. Клублар уртасидаги чемпионатла Шаркий Осие клублари хам уйнаса, командамиз йуколиб колар экан.
Ro'yobbek_Lokomotiv
12 nov 2021
Omad qizlar muximi ishtirok xar kim xam bunaqa turnirlarda qatnasha olmaydi olg' faqat oldinga g'alabalar davomiy bo'sin