“Do'stlik” terma jamoalar markazida qurilish ishlari davom etmoqda

Narzulla Saydullayev
28 sen 2022
O'FA birinchi vice-prezidenti Ravshan Ermatov boshchiligidagi ishchi guruh Toshkent viloyatida qurilish va rekonstrukciya ishlari olib borilayotgan “Do'stlik” terma jamoalar markaziga tashrif buyurdi.

Dastavval mazkur markazdan o'rin olgan obektlar, jumladan, mashg'ulot maydonchasi va stadion loyihasining texnik-tashkiliy jarayonlari bilan tanishildi. Obektdan o'rin oladigan 2 ta gibrid va 2 ta sun'iy qoplamali futbol maydonlarini xalqaro standartlar asosida sifatli bunyod etish, ularning drinaj tizimlarini to'g'ri sozlash, kelgusida chimlarni saqlash va parvarishlar uchun kerakli qurilmalarni tashkil etish yuzasidan topshiriq berildi.

Shuningdek, terma jamoalar futbol markazining tibbiy-tiklanish, yotoqxona va oshxonasini zamonaviy uskunalar bilan jihozlash yuzasidan fikr almashildi. Shaharchada kutubxona, restoran hamda yashil hudud tashkil etish loyihasi o'rganilib, infratuzilmadan o'rin olgan keyingi rejalari muhokama qilindi.





Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: ufa.uz