YCHLda g'olib bo'lmoqchimisiz? "Groningen" akademiyasiga boring!

Narzulla Saydullayev
10 iyun 2019
Kamtarona "Groningen" akademiyasidan chempionlar ligasi bosh sovrinigacha bo'lgan yo'l.

"Groningen" nomi ko'pchilikka notanish hisoblanadi. Chunki, klub hech qachon Gollandiya milliy birinchiligida eng kuchlilardan hisoblanmagan. Sovrinlar muzeyida birgina Gollandiya Kubogi mavjud xolos.

Jamoa akademiyasi jahon futboli bozoriga doimiy ravishda eng kuchli futbolchilarni chiqarmaydi. Aftidan, akademiya ishida son emas, sifatga yuksak e'tibor beriladi. Zero, Ronald Kuman, Aren Robben va Virjil van Deyk nomi yangrasa, o'z poziciyasidagi eng kuchli futbolchilar ko'z o'ngimizda gavdalanadi. Hozir shular haqida qisqacha.

Kichik Kuman. Etmishinchi yillar oxirida Kumanlar oilasidan ikki futbolchi yetishib chiqdi. Aka-ukalarning har ikkovi ham "Groningen" maktabi tarbiyachilari hisoblanib, professional futboldagi ilk odimlarini ushbu jamoa safida tashlaganlar. Ularning kenjasi Ronald jamoa sharafini 1980/83 yillarda himoya qildi. Keyinchalik "Ayaks", PSV, "Barselona" va "Feeynord"da faoliyat olib borgan Ronald Kuman jahon futboli tarixidagi eng yaxshi goleador himoyachiga aylandi. Takidlash joizki, Ronald 1991/92 yilgi mavsumda UEFA chempionlari kubogida "Barselona" bilan zafar quchgan edi. Murabbiylik faoliyati nisbatan muvaffaqiyatsiz o'tayotgan Kuman hozir Gollandiya milliy terma jamoasi rulini boshqarish bilan ovvora.




Aren Robben. 2003 yilda "Yoxan Kroyf" mukofotini qo'lga kiritganidayoq uning yaqin yillarda golland futboli yo'lboshchisiga aylanishi taxmin qilingandi. Aren faoliyatini "Groningen"da boshladi. Jamoa asosiy tarkibidagi muvaffaqiyatli mavsumdan keyin 2002 yil PSV tarkibiga borib qo'shildi. Keyingi faoliyatida grand klublar sharafini himoya qildi. Omadsiz finallardan keyin, 2013 yilgi Yevropa chempionlar ligasi finalida hal qiluvchi to'pni kiritgan futbolchi ham "Groningen"ning kamtar akademiyasida tarbiya topgandi.



Virjil Van Deyk. Bugun jahon futbolida eng ko'p muhokama qilinayotgan Virjil yakunlangan mavsumda YCHL g'olibligini tantana qildi. Mudofaada bexato harakatlanadigan golland ham futbolning dastlabki saboqlarini "Groingen"da olgan. Bugun milliy terma jamoasining sardoriga aylangan futbolchi "Seltik" va "Sautgempton"dagi faoliyatidan keyin 2018 yilda "Liverpul" jamoasiga o'tgandi.



Shuningdek, urugvaylik Luis Suares evrofutboldagi ilk qadamlarini aynan shu jamoa safida tashlagan edi. U 2006/07 yillarda jamoa sharafini himoya qilgan. E'tiborlisi yuqoridagi futbolchilarning hammasi Yevropa chempionlar ligasida zafar quchishgan.



Fahriddin Ro'ziev tayyorladi


Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: championat.asia