

– Gabon birinchi o'yinda O'zbekistonga 1:3 hisobida mag'lub bo'ldi. O'zbekiston va bugungi raqibingiz Trinidad va Tobago o'rtasida qanday o'xshashlik va farqlarni ko'rdingiz?
– Aytaylik, birinchi farq – bu muxlislarning qo'llab-quvvatlashi, ikkinchi o'yinda bunday bo'lmadi. Shuni aytmoqchimanki, O'zbekiston terma jamoasi Trinidad va Tobagodan bir bosh ustun edi. Qattiq mehnat qilish talab etilgan vaziyatlar bo'ldi. Nazarimda, O'zbekiston tarkibida anchagina etuk, ma'lum bir tajribaga ega bo'lgan futbolchilar bor. Asosiy farq aynan mana shu jihatda namoyon bo'ldi.
– Per-Emerik Obameyang bilan munosabatingiz qanday? Eshitishimizcha, u Afrika Kubogi bilan bog'liq voqealardan so'ng terma jamoa chaqiruvini rad etgan. Uni yana Gabon libosida ko'rishimiz mumkinmi?
– Odamlar buni to'g'ri tushunishlari kerak. Perning o'z milliy terma jamoasi bilan hech qanday muammosi yo'q. To'g'ri, hukumat qaror qabul qilishda biroz shoshqaloqlik qilgan bo'lishi mumkin. Ammo u o'zining klubi, yani "Marsel" hozir unchalik yorqin davrni boshdan kechirmayotgani sababli bu erga kelmadi. Per o'rtoqlik o'yinlari maqomi va sifatini hisobga olib, o'z klubida qolishni so'radi. U hech qachon terma jamoaga boshqa kelmayman, deb aytmagan. To'g'ri, u hozir bu haqda jiddiy o'ylab ko'rmoqda, ammo Per uchun Gabon terma jamoasi eshiklari hamisha ochiq.



