Hakamlar va nazoratchilar ishtirokida hisobot majlis o'tkazildi

Narzulla Saydullayev
2 avg 2013
2 avgust kuni O'FF anjumanlari zalida hakamlar va nazoratchilar ishtirokida O'zbekiston chempionati birinchi davrasi va O'zbekiston Birinchiligi birinchi bosqich o'yinlari yakuniga bag'ishlangan hisobot majlisi bo'lib o'tdi.
Majlisda O'zbekiston Professional futbol ligasi bosh direktori Farhod Magametov, Hakamlar va nazoratchilar boshqarmasi boshlig'i Noil Lutfullin, Hakamlar va nazoratchilar qo'mitasi raisi Rustam Akramov, Hakamlar va nazoratchilar boshqarmasi boshlig'i o'rinbosari Bobur Haydarov va Hakamlar va nazoratchilar qo'mitasi Ilmiy-metodik taminot bo'limi boshlig'i Anatoliy Kovalenko, shuningdek, O'zbekiston Chempionati va Birinchiligi o'yinlarida xizmat qiluvchi hakamlar va nazoratchilar ishtirok etishdi.

2013 yilning birinchi yarmi davomida attestaciyadan o'tgan hakamlar va nazoratchilar tomonidan jami 578ta o'yin, jumladan, O'zbekiston Chempionati va Yoshlar Birinchiligida 182ta, O'zbekiston Kubogida 44ta, O'zbekiston Birinchiligi birinchi bosqichida 264ta, Ayollar o'rtasidagi chempionat birinchi bosqichida 64ta, Ayollar o'rtasidagi O'zbekiston Kubogi bahslarida 24ta o'yin boshqarildi. Musobaqalarga hakamlar va nazoratchilarni tayyorlash maqsadida 13-19 iyul kunlari qisqa muddatli hakamlar va nazoratchilarning mashg'ulot yig'inlari o'tkazildi. Unda jismoniy tayyorgarlik bo'yicha FIFA testi, futbol o'yini qoidalari bo'yicha nazariy imtihon va boshqalar bo'yicha sinovlar bo'lib o'tdi.

Tanqidiy ruhda o'tgan majlisda 2013 yilgi futbol mavsumining birinchi yarmi davomida yo'l qo'yilgan xato kamchiliklar, o'rni kelganda, misollari bilan qayd etildi. Ilmiy-metodik taminot bo'limi boshlig'i Anatoliy Kovalenkoning so'zlariga ko'ra, joriy yildan e'tiboran Oliy va Birinchi Liga o'yinlaridagi hakamlik tahlillari hakamlarning o'ziga ham taqdim etilmoqda. Kovalenkoning qo'shimcha qilishicha, Oliy Ligadagi hakamlik saviyasi nisbatan ijobiy, biroq Birinchi Ligada qilinishi kerak bo'lgan ishlar talaygina.

Majlisda hakamlik saviyasining oshishida nazoratchilarning o'rni katta ekanligi alohida takidlandi. Nazoratchilar hakamlarning uchrashuvlardagi harakatlarini baholashda mas'uliyat his qilishlari va talabchanroq bo'lishlari kerak. Farhod Magametov, Rustam Akramov, Noil Lutfullin ham hakamlar va nazoratchilarga murojaatida mavsum birinchi yarmida yo'l qo'yilgan xatolardan to'g'ri xulosa chiqarib, ikkinchi davra o'yinlarini yanada yuqori saviyada o'tkazish kerakligini takidlashdi.
 


Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: pfl.uz