Hindiston U-19- O'zbekiston U-19. Uchrashuvdan oldingi qiziqarli ma'lumotlar

Narzulla Saydullayev
10 okt 2013
O'zbekiston U-19 yoshlar terma jamoasi bugun, 10 oktyabr kuni saralash bahslari doirasida Hindistonga qarshi maydonga tushadi.
O'zbekiston U-19 - Hindiston U-19 o'rtasidagi "A" saralash guruhi 4-tur uchrashuvi Toshkent vaqti bilan 18:30da boshlanadi.

O'zbekiston ham, Hindiston ham hozirgacha ikkitadan o'yin o'tkazgan. O'zbekiston Turkmaniston va Nepalni mag'lub etgan (mos ravishda 1:0 va 5:0). Hindiston yoshlar terma jamoasi dastlabki o'yinda Qatarga 0:2 hisobida yutqazgan, biroq Nepalni 1:0 hisobida mag'lub etgan.

  O'zbekiston va Hindiston termalari milliy terma jamoa darajasida besh marta to'qnash kelishgan. O'smirlar va yoshlar miqyosida esa Hindiston va O'zbekston terma jamoalari 2011 yilda ilk bor to'qnash kelishgan, hozirgacha 3ta o'yin o'tkazilgan. U-19 OCH-2012 saralashida Ahmadjon Musaev shogirdlari Tehronda Hindistonni 2:1 hisobida mag'lub etishgan. Qolgan ikki o'yin U-16 darajasida o'tkazilgan va har ikkala safar ham Hindiston Dilshod Nuraliev jamoasiga mag'lub bo'lgan (0:9, 2:3).


Hindiston U-19 yoshlar terma jamoasidagi eng qiziqarli shaxs – terma jamoaning angliyalik bosh murabbiyi Kolm Toaldir.

Kolm Toal qo'l ostidagi O'zbekiston yoshlar terma jamoasi OCH-2006 saralashida Tojikistonni mag'lub eta olmay, final yo'llanmasisiz qolishgan. Shundan so'ng O'zbekistonni tark etgan Kolm Toal o'z faoliyatini Osiyoning boshqa bir mamlakati – Hindistonda davom ettirib kelmoqda. U 2007 yildan beri Osiyo chempionati saralashlari va final bosqichlaridagi Hindiston U-16 va Hindiston U-19 termalariga ustozlik qilib keladi. Kolm Toalning Hindiston terma jamoalari ustozi sifatidagi O'zbekiston bilan ilk to'qnashuvi 2011 yil 4 noyabrida, Eronda yuz berdi. O'shanda Ahmadjon Musaev shogirdlari Kolm Toal shogirdlarini Vladimir Kozakning dubli evaziga 2:1 hisobida mag'lub etgan. Deyarli shu vaqtda Toshkentda U-16 OCH-2012 saralashi bo'lgan, Nuraliev jamoasi Hindistonni 9:0 hisobida mag'lub etgan. Hindlarda ustoz boshqa edi. O'zbekistonga 0:9 hisobida imkoniyatni boy berganiga qaramay, Hindiston o'smirlar o'rtasidagi 2012 yilgi OCH final bosqichiga chiqqan. Final bosqichiga Hindiston U-16ni Kolm Toal olib kelgan. Terma O'zbekiston bilan bir guruhdan o'rin olgan. Osiyo Chempionati final bosqichidagi o'yinda Dilshod Nuraliev shogirdlari Kolm Toal jamoasini qiyinchilik bilan, 3:2 hisobida mag'lub etishgan. O'smirlar o'rtasidagi OCH-2012da O'zbekiston o'smirlari chempion bo'lishgan, biroq guruhda qolib kyetishlari ham mumkin edi. Biroq aynan Hindiston guruh bosqichi so'nggi turida Xitoy bilan 2:2 hisobida durang o'ynagani, O'zbekistonni chorak finalga olib chiqqan. Shunday qilib, bugun ham O'zbekiston U-19 yoshlar terma jamoasini Hindistonga qarshi oson bo'lmagan o'yin kutib turibdi. 


Uchrashuvni Qatarning "Al Kass" telekanali jonli ravishda efirga uzatadi. Quyidagi link orqali o'yinni tomosha qilish mumkin.

Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: twitter.com/UzbekistanU20