Ilhom Mo'minjonov: "Iste'fo? Muxlislarga natija kerak"

Sherzod Nurmatov
5 may 2022
Superliganing 7-turidan o'rin olgan "Neftchi" – "Lokomotiv" (0:1) uchrashuvidan so'ng mezbonlar ustozi Ilhom Mo'minjonov fikrlari bilan o'rtoqlashdi.




- O'yin haqida

- Nima ham deyish mumkin? Omadsizliklar davom etmoqda. Jamoa "chuqurlik"ka tushib qolgan. Bu o'z-o'zidan yigitlarga ta’sir qilmoqda. Bugun o'yinimiz chiqmadi. 

Doimgidek standart vaziyatda himoyachilarning qo'pol xatosi evaziga gol o'tkazib yubordik. Oldingi chiziqda hech narsa qilolmayapmiz. 

Hujumchilar bilan mashg'ulotlarda ishlayapmiz. Ko'proq ishlashimiz kerak. 4 kundan keyin  "Olimpik" bilan o'ynaymiz. Yigitlar qanday ahvolda ekanligimizni bilib turishibdi. Buyog'iga vaqt ko'rsatadi.

- Zaxiradan maydonga tushgan futbolchilar o'yinni kuchaytira olishmayapti...

- Ko'ryapsiz, zaxiramiz katta emas. 2-3 turdan beri shu muammo. Bugun yoshlarni tushirdik, chunki zaxirada sifatli futbolchilarimiz yo'q. Ko'pi jarohat olgan. Ishlashda davom etamiz. 

- Muxlislar, qolaversa, ijtimoiy tarmoqlarda sizning iste'fongiz haqida gapirishmoqda. Bunga qanday munosabat bildirasiz? 

- Muxlislarga natija kerak. Har bir jamoada shunday. Oldinda o'yinlarimiz bor. G'alaba qozonmagunimizcha ishlayveramiz.


Sherzod NurmatovMuallif
Manba: championat.asia