Jafar Irismetov: Ayaksdan o'rganadigan jihatlarimiz ko'p ekan

Aziz Tukhtamuradov
5 avg 2018
So'g'diyona, Qo'qon-1912, Metallurg, Paxtakor hamda Qizilqum jamoalari texnik direktorlari ­Amsterdamga safar uyushtirib, Ayaks klubi akademiyasining ish faoliyati, selekciya jarayoni bilan yaqindan tanishishdi.

Biz safar taassurotlari yuzasidan Paxtakor sport direktori Jafar Irismetov bilan bog'lanib, undan intervyu oldik.

- Jafar aka, ushbu safar kim tomonidan tashkil qilindi? O'zbekistondan kimlar bordi?

- Gollandiya safari O'zbekiston futbol assotsiatsiyasi hamda Paxtakor klubi bosh murabbiyi Shota Arveladze tashabbusi va hamkorligida amalga oshirildi.

Unda So'g'diyona klubi prezidenti O'ktam Mahmudjonov, Qo'qon-1912 jamoasi vice-prezidenti Baxtiyor Tolipov, Qizilqumdan Farhod Nurullaev hamda Metallurgdan Shavkat Saidovlar ham Gollandiyada bo'lib qaytishdi.

- Safardan ko'zlangan asosiy maqsad nima edi?

- Ayaks akademiyasi faoliyati bilan yaqindan tanishish, ushbu klubda bolalar futboliga qaratilayotgan e'tibor, mashg'ulotlarning o'tkazilish jarayoniga bevosita guvoh bo'lishdan iborat edi. O'ylaymanki, har birimiz bu safardan o'zimiz uchun katta foyda oldik va o'rganganlarimizni amaliyotga tatbiq etamiz.

- Ayaks klubi o'zining bolalar futboliga e'tibor qaratishi bilan mashhur. O'zingiz ham bunga guvoh bo'ldingiz. Bizdagi bolalar futboliga munosabat, o'tkaziladigan mashg'ulotlar bilan taqqoslaganda, farq sezilarli darajada kattami?

- Ha, aksariyat yo'nalishlarda bizdan yaxshigina o'zib kyetishgan. Birinchi galda akademiyada bolalarning futbol bilan shug'ullanishi uchun yaratilgan sharoitlarni aytish kerak. Ayaks akademiyasi juda katta hududni egallagan ekan. Maydonlarning sifati alohida mavzu. Bunday sharoitlarda shug'ullangan bolalardan yomon futbolchi chiqmasligi turgan gap.

Agar biz ham akademiya va futbol maktablaridagi sharoitlarni normal holatga keltira olsak, bizdan ham istedodli futbolchilar yetishib chiqadi. Afsuski, hozir akademiyalar faoliyati, futbol maktablarimiz bilan maqtana olmaymiz.

- Bizda murabbiylar maosh kam deb nolishadi va buning natijasida qo'shimcha guruhlarni tashkil qilishadi. Buning natijasida sifat tushib ketadi. So'ramoqchi bo'lganim, Ayaks akademiyasining bitta guruhida shug'ullanadigan bolalar soni qancha ekan?

- Har bir guruhda kamida 18, ko'pi bilan 20 nafar bola bo'lib, yosh futbolchilarning umumiy sonini 200dan oshirishmas ekan. Har bir tarbiyalanuvchining istedodini maksimal darajada yuzaga chiqarishga jiddiy e'tibor qaratiladi. Test sinovlari ham qatiy talablar asosida o'tkazilarkan.

Ayaks akademiyasida ishlayotgan murabbiylar katta maosh olishadi. Siz aytgandek, ikkinchi yoki uchinchi guruhlarni tashkil qilish haqida o'ylashmaydi ham. Bor e'tiborlarini yosh futbolchilarni tarbiyalash va Ayaksning bosh jamoasiga etkazib berishga qaratishadi.

- Qabul necha yoshdan bo'lar ekan? Boshqa davlatlardan ham yosh futbolchilarni shartnoma asosida qabul qilishadimi?

- Sakkiz yoshdan qabul qilinadi. Bola 17 yoshga to'lgunigacha akademiyada futbol sirlarini o'rganadi va istedodlilari keyin asosiy jamoaga o'tkaziladi. Boshqa davlatlardan faqat eng iqtidorli bolalargina Ayaks akademiyasida tahsil olish imkoniyatiga ega bo'lishadi.

Lekin bunday futbolchilar soni kam, chunki Gollandiyaning o'zi istedodlarga boy. Asosan Amsterdam va unga yaqin shaharlardan bolalarni qabul qilishadi. Bu erda selekciya xizmati a'lo darajada ishlaydi.

- Ayaksdan tashqari boshqa klublarda ham bo'ldinglarmi?

- Yo'q. Chunki Amsterdamga safarimiz uch kunga mo'ljallangandi. Ayaks klubining YCHL doirasidagi Shturm jamoasiga qarshi o'tkazgan o'yinini bevosita stadiondan tomosha qildik va  ertasi kuni O'zbekistonga qaytib keldik.

- Safardan olgan umumiy taassurotlaringiz o'ylaganingizdan ortiq bo'ldimi? 

- Taassurotlar a'lo darajada. Lekin ikki kun juda kam muddat ekan. Shunga qaramay, maksimal darajada o'rganishga harakat qildik. Shaxsan o'zim futbolchilarning o'tish davrida ko'zga tashlanadigan muhim jihatlarini o'rgandim va endi "Paxtakor" mashg'ulotlariga 2-3ta o'zgartirish kiritamiz.


Manba: "Interfutbol" gazetasi


Aziz TukhtamuradovMuallif
Manba: