JCH-2022 saralash. 3-turda qanday o'yinlar kutmoqda?

Xayrulla Xoliqov
7 oct 2019
10 oktyabr kuni JCH-2022 saralash bosqichining ikkinchi raund 3-tur bahslari o'tkaziladi.

Malumki, biz 2-turda dam olgandik. Shu bois oktyabr oyida ikkita uchrashuv o'tkazamiz. Dastlab o'z maydonimizda Yamanni qabul qilsak, keyin safarda Singapur bilan o'ynaymiz. 

O'tgan turning etiborga molik jihati qura jarayonida birinchi savatchadan joy olgan kuchli jamoalarning kurashga qo'shilgani bo'ldi. Xitoy, Avstraliya, Eron, Yaponiya, BAA va Janubiy Koreya o'tgan turni g'alaba bilan boshlagan bo'lsa, Saudiya Arabistoni durang qayd etdi. Shuningdek, Qatarning o'z maydonida Hindistonni enga olmagani ham kutilmagan natija bo'ldi. 

Quyida 3-turda bo'lib o'tadigan o'yinlar taqvimini keltirib o'tamiz. 


"A" guruhi - Xitoy, Suriya, Filippin, Maldiv, Guam. 

2-turda: Guruhdagi har ikki uchrashuvda yirik hisob qayd etildi. Xitoy Maldiv maydoniga safar uyushtirib 5:0 hisobida zafar quchgan bo'lsa, Filippin Guamdan 4:1 hisobida ustun keldi. Xitoyliklar safida Elkeson o'z hisobiga ikkita gol yozib qo'ydi. 

3-tur, 10 oktyabr. Xitoy - Guam; Suriya – Maldiv.


"B" guruhi - Avstraliya, Iordaniya, Xitoy Taypeyi, Quvayt, Nepal.

2-turda: Avstraliya Quvaytga hech qanday imkoniyat qoldirmay 3:0 hisobida zafar quchdi. Uchrashuvda Mettyu Leki dublga erishdi. Quvaytda kechgan bahsni 12 mingga yaqin tomoshabin kuzatib bordi. Guruhdagi ikkinchi o'yinda Nepal Xitoy Taypeyidan ustun keldi. 

3-tur, 10 oktyabr. Avstraliya - Nepal; Iordaniya – Quvayt.


"C" guruhi - Eron, Iroq, Bahrayn, Gonkong, Kambodja.

2-turda: Eron terma jamoasiga Sardor Azmun va Karim Ansarifad tomonidan kiritilgan gollar Gonkong ustidan 2:0 hisobidagi g'alabani taqdim etdi. Kambodja maydoniga safar qilgan Bahrayn 1:0 hisobidagi g'alaba bilan qaytdi. Kambodjadagi "Olimpik" stadionida kechgan bahsni 45 ming tomoshabin kuzatib bordi.

3-tur, 10 oktyabr. Eron - Kambodja; Iroq – Gonkong. 


"D" guruhi - Saudiya Arabistoni, O'zbekiston, Falastin, Yaman, Singapur.

2-turda: O'zbekiston terma jamoasi joy olgan guruhda ham vaziyat qizg'in tus olmoqda. 1-turda bizni yutgan Falastin keyingi  uchrashuvda imkoniyatni boy berdi. Guruhdagi eng kuchli raqib sifatida qaralayotgan Saudiya Arabistoni Yaman bilan kutilmaganda durang qayd etdi.

3-tur, 10 oktyabr. Saudiya Arabistoni - Singapur; O'zbekiston – Yaman. 


"E" guruhi - Bangladesh, Ummon, Hindiston, Afg'oniston, Qatar.

2-turda: Birinchi o'yinda Afg'onistonni 6:0 hisobida mag'lub etgan Qatar o'tgan tur Hindiston bilan 0:0 o'ynadi. To'g'ri, qatarliklar murabbiyi asosan ikkinchi tarkibni tushirdi, shunga qaramay amaldagi Osiyo chempionidan ko'pchilik g'alaba kutgandi. Fashad Nur tomonidan kiritilgan gol esa Afg'onistonga Bangladesh ustidan kichik g'alabani taqdim etdi.

3-tur, 10 oktyabr. Bangladesh - Qatar; Ummon – Afg'oniston. 


"F" guruhi - Yaponiya, Qirg'iziston, Tojikiston, Myanma, Mo'g'uliston.

2-turda: Tojikiston ketma-ket ikkinchi g'alabasini nishonlab, birinchi o'ringa ko'tarilib oldi. Usmon Toshev shogirdlari navbatdagi bahsni ham 1:0 hisobida yakunlashdi. Yaponiya safarda Myanmani mag'lub etdi. Myanmadagi stadionga 25 mingdan ziyod muxlis tashrif buyurdi. 

3-tur, 10 oktyabr. Yaponiya - Mo'g'uliston; Qirg'iziston – Myanma. 


"G" guruhi - BAA, Vetnam, Tailand, Malayziya, Indoneziya.

2-turda: BAA saralash o'yinlarini qiyin g'alaba bilan boshladi. Malayziyalik futbolchilar 1-daqiqadayoq hisobni ochishdi, biroq taym tugashiga ikki daqiqa qolganida Ali Mabxut hisobni tenglashtirdi. Keyinchalik Ali Mabxut yana gol urib jamoasiga ilk uch ochkoni keltirdi. Indoneziya maydoniga safar uyushtirgan Tailand 3:0 hisobidagi g'alabani tantana qildi.

3-tur, 10 oktyabr. BAA - Indoneziya; Vetnam – Malayziya.

 

"H" guruhi - Janubiy Koreya, Livan, KXDR, Turkmaniston, Shri Lanka.

2-turda: Oxirgi guruhda ikkita koreys jamoasi g'alabaga erishdi. Janubiy Koreya safarda yon qo'shnimiz Turkmanistonni mag'lub etgan bo'lsa, shimolliklar Shri Lankani kichik hisobda mag'lub etib qaytishdi. Ashxobodda kechgan bahsni 26 ming tomoshabin kuzatib borgani etiborga molik.

3-tur, 10 oktyabr. Janubiy Koreya - Shri Lanka; Livan – Turkmaniston.

 

P.S. Mazkur saralash bosqichida Osiyodan 40ta davlat qatnashmoqda. Musobaqa reglamentiga ko'ra, har bir guruh g'oliblari (8ta) va eng yaxshi ko'rsatkich qayd etgan 4ta ikkinchi o'rin egasi (jami 12ta jamoa) keyingi bosqichga yo'l oladi. Dastlabki ikki tur natijalaridan so'ng ikkinchi o'rinda borayotgan Suriya, Avstraliya, Eron va Yaponiya hozircha eng yaxshi ko'rsatkichga ega bo'lib turishibdi. 


X.Xoliqov. 


Xayrulla Xoliqov Maqola muallifi
Muqova: championat.asia

Izohlar

Villa77
7 oct 2019
Саудия Ар - Сингапур 0-0 1-1 ничья кутиб коламиза , Узбекистон - Яман 4-0
Lester muxlisi
7 oct 2019
Olga uzbeklar
Shohjahon_Shohnazarov
7 oct 2019
Saudiya Singapurni kichik hisob farqi bilan yutsa kerek. O'zbekiston esa Yamanni yirik hisobda yutadi inshoolloh. Eldordan dubl kutamiz
aral2019
7 oct 2019
Узбекистон - Яман 5-0
ACMILANCOM, BERLUSKONI, ROSSONERI
7 oct 2019
Биз учун энн асосийси ҳозир Яман бўлиб турибди. Шу ўйинни ўзимиз истагандай юта олсак буёғи осон кечади. Сабаби биз Яман билан ўйиндан кейин Сингапурга учамиз, Сингапур эса 10-октябрда Саудия Арабистонига сафар қилади.Қитъанинг у четидан бу четига сафар қилиб яна нафақат гуруҳнинг, Осиёнинг грандларидан бири бўлмиш Саудия билан ўйнайди. Ва айнан шу ўйинда кўп куч йўқотгани етмагандай яна лаш лушларини йиғиштириб мағрибдан машриққа томон узоқ йўлни босиб ўтишади. Биз эса марказий осиёдан бир томонлама йўл орқали улардан олдин етиб борамиз ва Сингапурликларни Сингапурда кутиб оламиз (!). Яман билан ўйинга қараганда Сингапур ўйини осон кечади деб ўйлайман. Йигитларимиз сафардан йирик ҳисобда ютиб қайтишларига ишоняпман!
Doktor Haus
7 oct 2019
Qaysi o'yinlar olib beriladi
Azalshoh
7 oct 2019
Yaman bilan uchrashuvda bizni faqat yirik hisobdagi g'alaba qanoatlantiradi.Saudiya -Singapur o'yinida durangga rozimiz!
Ronaldo No:1
7 oct 2019
Uzbekistan 4-0 Yaman Shomurodov 18, 58 Igor Sergeov 65. Hamdamovv 32
Husniddin Imomaliyev
7 oct 2019
UZB 2 : 0 Yaman
ACMILANCOM, BERLUSKONI, ROSSONERI
7 oct 2019
Абрамов Яман билан ўйинда майдон марказида О.Аҳмедов билан Ж.Искандеровни, Сингапур билан ўйинда И.Алибоев билан О.Ўриновларни ўйнатса мақсадга мувофиқ бўларди деб ўйлайман! Қанотларда ҳам бизда танлов катта. Ж.Машарипов билан Д.Ҳамдамов дастлабки ўйинда ўйнаса кейинги ўйинда Ж.Яхшибоев билан А.Ғаниевларни рокировка қилса бўлади. Ҳужум билан ҳимоядагилар ўзгармагани маъқул. Бизда бир хил савиядаги иккита таркиб жамланган ҳозир. Шундай қилсак биринчидан футболчиларга дам бериб ўйнатилади, иккинчидан учинчи ўйинда рақибиз бўлмиш асосий рақобатчимиз Саудия Арабистони ўйиндан олдин қандай таркибда тушишимизни ва қандай тактикада ўйнашимизни билолмайди. Фаластин нимани ҳисобига ютди бизни? Бир хил таркиб ва бир хил тактикадан фойдаланганимиз учун!
Ko'proq ko'rsatish