Mikael Sekeyra: "O'zbekistonga futbol akademiyalari kerak"

Narzulla Saydullayev
20 iyun 2021
Superliganing 10-turidan o'rin olgan "Lokomotiv" - "Qo'qon-1912" (0:1) uchrashuvidan keyin mezbonlar ustozi Mikael Sekeyra o'z fikrlarini bildirdi.





"Yaxshi o'yin bo'ldi, birinchi taymni yaxshi boshladik. Birinchi taym oxirida gol o'tkazib yuborganimiz o'yinmiz yo'nalishini biroz o'zgartirib yubordi. Mag'lubiyatga uchradik, ammo o'yinchilar qo'yilgan vazifalarni bajarishdi", - dedi Sekeyra.

- "Lokomotiv" bu mavsum o'z maydonida safardagidan kamroq ochko olganini ko'rish mumkin. Gap stadiondami?

- Uydagi o'yinlarda uncha omadimiz kelmayapti. Yaxshi o'ynayapmiz, ammo g'alabaga erisha olmayapmiz.

- "Lokomotiv" qishda ko'plab yaxshi darajadagi futbolchilar olib kelingandi va klub oldiga chempionlik vazifasi qo'yilgandi. 10ta tur ortda qoldi va natija yaxshi emas. Yozda ham katta o'zgarishlar bo'ladimi?

- Hozirdan bir narsa deyishim qiyin. Ertaga nima bo'lishini hech kim bilmaydi. Barchasini vaqt ko'rsatadi. Men futbolchilarimning harakatlaridan qoniqish hosil qilayapman.

- "Lokomotiv"da qaysidir poziciya oqsagandek tuyulmayaptimi?

- Yo'q, bugun bunday narsa ko'rmadim. Yaxshi hujumlar qildik, menimcha "Qo'qon-1912" darvozaboni eng yaxshi bo'ldi. U ikki marta ajoyib seyvlar namoyish etdi.

- O'zbekiston chempionatida safarda o'ynaydigan jamoalar ko'pincha vaqt cho'zishadi. Faol o'yin vaqtining kamligi qanchalik ta’sir qiladi?

- To'g'ri aytdingiz, bunday holat futbolda uchrab turadi. Ikkinchi taymda bu narsa ko'proq bo'lmoqda.

- O'zbekiston terma jamoasining muvaffaqiyatsizligiga nima sabab bo'ldi deb o'ylaysiz?

- Birinchi navbatda akademiyalar yaratish kerak. Futbol shaharchasi yaratish kerak va yosh futbolchilarni tarbiyalash kerak.

- "Lokomotiv"ning o'zida ham akademiya yo'q, bu borada rahbariyat qandaydir ish olib borayaptimi?

- Ha, loyiha tayyor. Tez orada qurilishi boshlanib qolsa kerak.


Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: championat.asia