"Navbahor" va "Nasaf"ning natijalari tahsinga loyiq. "Paxtakor"da imkoniyat o'z qo'lida edi" - o'zbek klublarining OCHLdagi ishtiroki mutaxassis nigohida

Sherzod Nurmatov
7 dec 2023
Ushbu haftada OCHL guruh bosqichi uchrashuvlari yakuniga etib, pley-offga chiqqan jamoalar malum bo'ldi.

Yakuniy natijalarga ko'ra, O'zbekistondan "Navbahor" va "Nasaf" keyingi bosqichga yo'llanma oldi. OKMK va "Paxtakor" musobaqa bilan xayrlashdi. Endilikda keyingi mavsumda "sherlar" yangi tashkil etilgan Elit ligada ishtirok etsa, "Nasaf" OCHLda o'ynaydi. Mazkur mavzular yuzasidan tajribali mutaxassis Ulug'bek Mirzaevning fikrlari bilan qiziqdik. 

- Oxirgi marotaba 2010 yil O'zbekistondan ikki klub guruhdan chiqish vazifasini bajargan. Bu yil 4 ta klubimiz OCHLda qanday taassurot qoldirdi?

- Umumiy qilib aytganda, OCHLda klublarimiz o'zbekistonlik muxlislarga xursandchilik keltirdi. "Nasaf"ning guruhda birinchi o'rinni, "Navbahor"ning eng yaxshi ikkinchi o'rinni egallashi yoki "Paxtakor"da oxirgi turgacha imkoniyatni saqlab qolganini aytish mumkin. "Paxtakor" g'alaba qozonganida eng yaxshi ikkinchi o'rin bilan guruhdan chiqar edi. Osiyoda Saudiya Arabistonidan keyin O'zbekistondan 2 ta jamoamizning pley-offga yo'llanma olgani yaxshi natija bo'ldi. To'g'ri, OKMKning ishtiroki ko'p muxlislarni xafa qildi. Nima ham deymiz, bu – futbol. Oldin ham 2 ta jamoamiz bunday natijani qayd etgan, lekin tarixda ilk bor ikki viloyat jamoasi guruhda muvaffaqiyatli qatnashdi. "Nasaf" va "Navbahor"ning ko'rsatkichlari tahsinga loyiq. Qurada omad ham "Navbahor"ga kulib boqqanini ko'rdik. "Nassaji Mozandaron" va "Mumbay Siti" "lochinlar"ga qarshilik ko'rsata olishgani yo'q. OKMK "Al Ittihod" va "Sepaxon" kabi kuchli raqiblar bilan to'qnash keldi. Odatda Iroq chempionatini kuchli deb o'ylamaymiz, lekin "Eyr Fors" o'z kuchini ko'rsatdi. "Paxtakor"da barchasi o'z qo'lida edi. Shunga qaramasdan, 2 ta klubimizning keyingi bosqichga chiqqanini muvaffaqiyatli deyish mumkin. 

- Qaysi klubimiz kutilganidanda yaxshi qatnashdi? OCHLning kuz-bahor tizimiga o'tgani o'z tasirini o'tkazdimi?

- "Nasaf" guruhda "Al Sadd", "Sharja"ni ortda qoldirib, birinchi o'rinni olgani, "Al Faysali" so'nggi turda "Sharja"ni yutib, "Nasaf"ga yordam berib yuborganini hisobga olsak, kutilganidan yaxshi ishtirok etdi. "Navbahor" haqli ravishda ikkinchi o'rinni oldi. Kuz-bahor tizimiga o'tgani jamoalarimizga yordam berdi. Raqib jamoalari hali formaga kirib olmagan bo'lsa, mavsum oxiriga kelib bizda taqvim zich bo'lib ketdi. Futbolchilar Superliga, O'zbekiston Kubogi, terma jamoa o'yinlari, OCHLda juda ko'p uchrashuvlar o'tkazishdi. Bu tomondan ularga og'ir bo'ldi. Shuning uchun kuz-bahor tizimida keyingi mavsumda turlar kamaytirilsa, jamoalarimizga engilroq bo'lar edi. 

- Mutaxassis sifatida ayting-chi, xalqaro o'yinlarda klublarimiz ko'proq qaysi faktorlarda raqiblardan ortda qoldi?

- O'yin tomonlama ortda qolgani yo'q, biroq ko'rgan bo'lsangiz, boy arab jamoalari O'zbekistonga charter reys bilan etib keldi. Jamoalarimiz esa boshqa mamlakatga tranzit orqali etib borishga majbur bo'lishdi. Bu jarayon futbolchilarni ancha toliqtirdi. Zich taqvimdan tashqari ular yo'l azobi bilan ham kurashishdi. Arab jamoalarida legionerlarining kuchliligi yana bir muhim faktor bo'ldi. Legionerlar ko'p holatlarda o'yinni hal qilib ketishdi. Mana shu ikki narsa xalqaro maydonda ko'zga tashlandi. 

- Keyingi yildan yangi tashkil etilgan Elit liga haqida fikringiz qanday?

- OCHLning ikkita turnirga bo'linishi tijorat nuqtai nazaridan amalga oshirilayotganini barcha bilib turibdi. Ko'ryapsizki, Saudiya Arabistoni jamoalari ECHLda qatnashishni ko'zlamoqda. 2034 yilgi Jahon chempionati oldidan katta investiciya jalb qilmoqda. Kerak bo'lsa, APL jamoalaridan futbolchi tortib olyapti. Bu arab davlatlari vakillarining tashabbusi deb o'ylayman. Krishtianu Ronaldu, Karim Benzema jamoalari ishtirokidagi o'yinlarni ko'paytirib, translyaciya, reklama, muxlislardan futbolga daromad keltirishni o'ylashmoqda. Mukofot puli ham OCHLnikidan kattaroq. Ikkinchi Chempionlar Ligasida mamlakatimiz sharafini "Nasaf" himoya qiladi. O'ylaymanki, "Nasaf"da muvaffaqiyatli qatnashish uchun imkoniyat ko'proq bo'ladi. Elit turnir katta ehtiroslar ostida o'tsa kerak. Kuchli jamoalar bir-biriga to'qnash keladi. Ikkinchi OCHL ham bundan kam ruhda o'tmaydi. O'zbek jamoalari ikkisida ham munosib qatnashishadi. Buning uchun jamoalarimiz, ayniqsa, "Paxtakor" tarkibni kuchaytirishi kerak. Elit ligada "Ahal"dek jamoalar emas, Osiyo grandlari bo'ladi.


Sherzod NurmatovMaqola muallifi
Qopqoq: Championat.asia

Izohlar

STERILOK
7 dec 2023
Таркибни кучайтирса кучайтирмаса катта эхтимол билан пахтакор элит лигада очко улашувчи жамоа булади,мутахасис такидлаб утганидек бу лигада Ахалга ухшаган жамоалар эмас еевропани йондирган леганерлар билан бойитилган осие наханглари уйнайди.осие наханглари пахтани титиб ташлайди.ОЧЛда Насафга анча йенгил булади чунки осиени энг кучлилари элит лигада уйнайди уртамиеналар ОЧЛда колади Насаф таркибни сал кучайтирса келаси йили ОЧЛ кубогини ютиш имкониятига хам эга булади
Xojiakbar
7 dec 2023
ОФК кубоги бизни даражамизда бўлмаса хам Ўзбекистонга 0.5 ўрин ажратса яхши бўларди. Хеч бўлмаса шу орқали Навбахорни халқаро майдонда иштирокини кўриб турардик.
Jaloliddin RMFC
7 dec 2023
Paxtakorni imkoniyati hakamlarni qolida Bu osiyo chempionlar ligasida bilindi :D
Aziz Nabiev
7 dec 2023
Okmk guruhi kuchli edi Navbahor guruhi kuchsiz edi degan gapiga qo'shilmayman Navbahor Nasafga qarshi uynay oladida xalqaro maydonda shalvirab qoladi Elit ligada bizni jamoamizni biron nima qila olishiga ishonish qiyin tarkib daxshat o'zgartirish uchun katta pul yo'q baribir omad jamoamizga.
Шухрат Эргашев
7 dec 2023
Келаси мавсум футбол тв очилса трансляция сифати хам ощириш керак. ВАР да хам хатоликлар камаярди. Хакамликни хам каттик назорат килиш керак. Майдон талабга жавоб бермаган клубларга талабни каттик килиш шарт.