OFK kubogi-2021. Dushanbe kundaligi + "Nasaf" mashg'uloti

Tolibjon Qosimov
13 may 2021
14 may sanasida Markaziy Osiyo mintaqasida OFK kubogi-2021 guruh bahslari start olishidan xabaringiz bor.

Qarshining "Nasaf" jamoasi joy olgan "F" guruhi o'yinlari Tojikiston poytaxti Dushanbe shahrida bo'lib o'tadi. "Ajdarlar" 10 may sanasidan beri musobaqa o'tadigan joyga yetib kelishgan va mashg'ulotlarni olib borishmoqda. "Championat.asia" xodimi Tolibjon Qosimov ham qo'shni mamlakatga yetib bordi. Demak, quyida dastlabki kun kundaligini e'tiboringizga havola etamiz.

12 may kuni tong saharda kamina Tolibjon Qosimov Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida hozir bo'ldim. Maqsad - Tojikistonda o'tadigan OFK kubogi-2021 Markaziy Osiyo mintaqasi guruh o'yinlari ("F" guruhi)ni bevosita voqea joyidan yoritib borish. O'zbekiston havo yo'llari (Uzbekistan Airways) uchog'i soat 08:00da qo'zg'aldi va 08:50da Dushanbe xalqaro aeroportiga yetib keldi. Men uchgan ana shu reysda Tojikiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Usmon Toshev ham Toshkentdan Dushanbega keldi. Xabaringiz bor, 10 may sanasida Toshev Buxoro klubida ish boshlashi haqida xabar bergan edik.

Usmon Toshev Tojikiston terma jamoasidagi faoliyatini yakunlaydimi? Murabbiy javob berdi

Ochig'i, Tojikistonga ikki nafar xodim kelishni mo'ljallagan edik. Ammo, ayni kunlarda O'zbekiston Superligasi bahslari davom etayotgani sabab Jahongir Fayzullaev Toshkentda qoladigan bo'ldi va Dushanbega yolg'iz o'zim keldim.

Jahongir ikkimizni beyjiklarimiz ham allaqachon tayyor bo'lgandi. Estalik uchun olib qo'yadi endi)


Dushanbe xalqaro aeroportiga qo'nganimizda e'tiborimni tortgan birinchi jihat er maydonidagi somon presslar bo'ldi. Aeroport hududidagi er maydonidan maksimal foydalanish bo'lsa kerak)


Aeroport ichida barcha jarayonlar Covid-19 pandemiyasi sabab ehtiyotkorlik va qatiy tartibda kechdi. Lekin, aeroportdan chiqish bilan o'zingizni boshqa joyga tushib qolgandek his qilishingiz mumkin. Sababi, shaharda tibbiy niqob (maska) taqqan odamni deyarli uchratmaysiz. Hamma mutlaqo bemalol yuribdi. Mehmonxona kelguncha ancha yo'l bosib o'tdik va yo'l-yo'lakay e'tibor berib keldim, niqob taqqanlar soni bitta qo'limning barmoqlarichalik ham chiqmasdi. "Mehrjon" nomli katta oziq-ovqat bozori yonidan o'tdik, bozorda ham hech kimda niqob yo'q. Bu yerdagilar bizda koronavirus yo'q deyishdi. Mayli, har ne bo'lganda ham biz o'zimiz uchun sanitariya qoidalariga rioya qilib yuribmiz.

Bugun Ramazon hayit ayyomi bo'lgani sabab kecha mamlakatda dam olish kuni ekan. Tojikiston futbol federatsiyasi vakili Faridun Saliev beyjiklarni menga etkazib berdilar. Shu o'rinda ko'plab masalalar va savollarda aynan Faridun aka menga yordam beryaptilar, shu joyda ularga rahmat aytib kyetishni joiz deb bildim. Bundan tashqari, O'zPFL Klublarni licenziyalash va xalqaro aloqalar bo'limi boshlig'i Zohirjon Akramxonov mazkur musobaqaning tashkiliy jihatlariga mas'ul OFK delegaciyasi tarkibiga kiritilgan va u ham shu yerda bo'lib turibdi. Aynan Zohir va "Nasaf" matbuot xizmati vakili Sardor Nurov ham ko'plab savollarimizga labbay deb javob berishmoqda. Buning uchun ulardan ham minnatdormiz.

Suratda chapdan o'ngga: CAFAda faoliyat yuritadigan o'zbekistonlik Ruslan Sulaymonov, "Nasaf" matbuot xizmati vakili Sardor Nurov va O'zPFL Klublarni licenziyalash va xalqaro aloqalar bo'limi boshlig'i Zohirjon Akramxonov.


"Nasaf"ning bugungi mashg'uloti 18:20da Dushanbedagi "Respublika Markaziy stadioni"da boshlandi. O'zim joylashgan "Safir" mehmonxonasidan stadionga borish uchun taksi to'xtatdim. Yaqindagina OCHLda AGMK bilan bir guruhda bahs olib borgan Tojikiston chempioni "Istiqlol" mamlakatga qaytganda jamoaning har bir a'zosi surati tushirib bezatilgan taksilar ularni kutib olgandi. Menga yo'liqqan taksida "Istiqlol"ning 8-raqamdagi o'yinchisi Nuriddin Davronovning surati tushirilgan ekan. Daler ismli taksi haydovchisi bilan suhbatlashib ketarkanman uning futbolga qiziqishi, OCHL o'yinlarini ham kuzatib borganini anglash qiyin emasdi. U hatto o'zbek klublari "Paxtakor" va AGMKning o'yinlari va natijalari haqida ham ma'lumotga ega ekan. Bundan tashqari, sizlarda men yoqtiradigan aktyor bor deb qoldi. Aytishicha, o'zbekistonlik aktyor Ulug'bek Qodirov o'ynagan filmlarni yoqtirar ekan.



Odatga ko'ra, stadionga biroz ertaroq yetib keldim. Kiraverishda guruh bahslari taqvimi katta qilib chiqarib qo'yilgan, lekin o'yinlar muxlislarsiz o'tishi oldinroq e'lon qilingandi.


Qoidaga ko'ra, mashg'ulotning dastlabki 15 daqiqasi OAV vakillari uchun ochiq edi. Ammo, yolg'iz borganim uchun rasm bilan birga juda kamerachalik bo'lmasada, fotoapparatni o'zida mashg'ulotdan videolavhalar ham tasvirga olishni maqsad qildim va mashg'ulotda imkon qadar ko'proq qolishni "Nasaf" ustozi Ro'ziqul Berdievdan iltimos qildim. Bosh murabbiy shogirdlari yugurish va chigalyozdi mashqlarini bajarguncha 15 emas, 30 daqiqaga ruxsat berdi. Bundan imkon qadar foydalanishga harakat qildim. Mashg'ulotdan fotolar va videoni allaqachon tomosha qilib ulgurdingiz.

FOTO  OFK kubogi. "Nasaf"ning Dushanbedagi bugungi mashg'ulotidan maxsus GALEREYA 

VIDEO  OFK kubogi-2021. "Nasaf"ning bugungi mashg'uloti va Umar Eshmurodov bilan intervyu 

"Nasaf" jamoasi uchun tashkilotchilar tomonidan klub logotipi tushirilgan ikkita avtobus ajratilgan. Avtobuslar OCHLdagi kabi katta va bir xil emas, lekin klub ehtiyoji uchun etarli.


Avvalroq "Nasaf"ning OFK Kubogi-2021 uchun "zayavka"sini chop etgan edik. Unga ko'ra, Ro'ziqul Berdiev musobaqa uchun 27 nafar o'yinchini ro'yxatdan o'tkazgan. "Zayavka"ga kiritilganlardan Alibek Davronov yaqindagina operaciya qilingan va ayni paytda tiklanish ustida ishlamoqda. Bugun uch nafar darvozabon (Umidjon Ergashev, Azamat Soyibov va Abduvohid Ne'matov) hamda 21 nafar o'yinchi mashg'ulotlarda to'liq ishtirok etishdi.


Bugun bizni ertangi o'yindan oldingi matbuot anjumanlari va o'yinoldi rasmiy mashg'ulotlar kutmoqda. Demak, "Championat.asia"ni kuzatishda davom eting. OFK Kubogi-2021 doirasida "Nasaf" joy olgan guruh o'yinlari va o'yin atrofidagi voqeliklar batafsil bizda. "Ajdarlar"ga esa oldindagi bellashuvlarda omad va zafarlar tilab qolamiz!


Tolibjon QosimovMuallif
Manba: Championat.asia