Orifxo'ja Abduholiqov: "Maydon biroz kichikroq edi"

Mirjalol Normatov
6 may 2018
O'zbekiston Pro-ligasi 7-turi doirasida "Xotira-79" - "Nurafshon-Inter" (0:2) jamoalari o'rtasidagi uchrashuvdan keyin, bahsdagi ilk gol muallifi Orifxo'ja Abduholiqov o'z fikrlarini bildirib o'tdi.

"Bugun juda qiyin o'yin bo'ldi. Maydon biroz kichikroq edi. Shu boisdan erdan to'p oshirishlarni amalga oshirishga qiynaldik va havolatib to'p oshirishlariga ko'proq e'tibor bera boshladik. Bunday maydonda chiroyli o'yin ko'rsatib bo'lmasdi. Ustozimiz Vohid Xolboev bizga to'g'ri, aniq ko'rsatmalar berdi. Shu orqali g'alabaga erishdik.

Hakamlik? Ular yaxshi ishlashdi. Albatta, har doim mehmon jamoaga kichik bosim bo'ladi. Biroq bundan hafa emasmiz. Qizil kartochka ko'rsatishdimi, demak ular haq. Biz hakamlarning ishini baholamaymiz.

Oleg Tyulkin jamoaga kelganidan keyin murabbiylar shtabi yanada kuchaydi. U va bosh murabbiyimiz to'g'ri qarorlari sababli g'alabalar qozonyapmiz.

Pro-liga yoki birinchi ligada uchinchi mavsumimni o'tkazyapman. O'tgan yillarga qaraganda ligada o'sish bor. Tashkilotchilik saviyasi ham oshgan. Ijobiy jihatlar anchagina ko'paygan. Agarda shu kyetishda bo'lsa, Pro-liga saviyasi oshadi.

Yangi jamoa bo'lsak-da, maqsadlarimiz yuqori. Avvaliga "A" guruhiga chiqishni o'ylayapmiz. Agarda nasib qilsa, jamoa bilan Superligada o'ynash niyatimiz ham yo'q emas. Jamoa kuchli, bunga qurbimiz etsa kerak", - dedi Abduholiqov.

Mirjalol Normatov suhbatlashdi


Mirjalol NormatovMuallif
Manba: championat.asia