Xose Mariya Mendes: "O'zbekiston futzalidagi yana bir yangi sahifani boshlashdan xursandman"

Абдулвосит Бектемиров
6 apr 2026
O'zbekiston futzal terma jamoasi bosh murabbiyi Xose Mariya Mendes matbuot anjumanida quyidagi fikrlarni bildirdi.

“Men uchun O'zbekiston terma jamoasini yana bir bor boshqarish sharaf. Barchaga omad tilayman. Eski do'stlarimni ko'rib turganimdan xursandman. Birinchi navbatda, Futzal federatsiyasiga rahmat aytaman. Federatsiya prezidenti chin ko'ngildan futzalni sevuvchi inson ekan. Muzokaralar davomida Federatsiya o'z oldiga qo'ygan katta maqsadlar va yirik loyihalar haqida aytdi. Menda boshqa variantlar ham bor edi, ammo yakunda yana O'zbekistonga qaytishni lozim topdim. O'ylaymanki, ikki tomon ham to'g'ri qaror qabul qildi. Men ikkinchi uyimga qaytdim, deya olaman.

Shuningdek, o'zbek futzalining yangi loyihasi menga yoqdi. Hali ham mening davrimda o'ynagan futbolchilar bor, ammo asosiy avlod almashgan. Ular juda iqtidorli ekan. Men O'zbekiston futzalidagi yana bir yangi sahifani boshlashdan xursandman. O'zbekistonda doim kuchli o'yinchilar bo'lgan.

Ertadan yig'inga kirishamiz. Saudiya Arabistoni o'tishi kerak bo'lgan yopiq inshootlardagi Osiyo o'yinlari so'roq ostida, ammo biz tayyorgarlikni boshlaymiz. Yangi futzalchilar bilan tanishib olaman. Iyun oyida ham yig'in o'tkazamiz. Maqsadimiz - kuchli terma jamoalarga qarshi ko'proq o'ynash.

Kechagi o'yinlarni ko'rganimda, mening davrimda terma jamoada o'ynagan yigitlar hozir murabbiylik qilayotganiga guvoh bo'ldim. O'yinchilar haqida gapiradigan bo'lsam, fikrlarim ijobiy. So'nggi yillarda ular ko'plab xorijlik murabbiylar bilan ishladi. Xose Venanasio Lopes kabi katta nomlar MTJni boshqardi.

Terma jamoaga fizioterapevt jalb etishimiz kerak. O'zbekiston ishtirok etgan so'nggi musobaqalarda jarohatlar soni biroz ko'payib ketgandek tuyuldi. Shuning uchun ushbu holatni darhol to'g'rilashimiz talab etiladi.

So'nggi mundialdagi qoniqarsiz natijaning asosiy sababi yetakchilar tarkibida bo'lmagan deb o'ylayman. Asosiy tarkibning uch nafar a'zosi jarohat tufayli musobaqani o'tkazib yubordi”, – dedi mutaxassis.

2.jpg


Абдулвосит БектемировMuallif
Manba: Championat.asia