“Paxtakor-79” xotirasiga bag'ishlangan sher

Оқил Абдубарноев
11 avg 2025
Bugun, 11 avgust kuni "Paxtakor-79" fojiasiga 46 yil to'ldi.

“Paxtakor-79” xotirasiga


Qushlar qoqadi qanot

Toshkentning osmonida.

Eshitilar oh-faryod

“Paxtakor” maydonida.


Qushlar qaytadi bir kun

Saflarini buzmasdan.

Ko'kka termulaman men

Umidimni uzmasdan.


Dili og'rimasin deb,

Hech kim rostin aytmaydi –

“Paxtakor” samolyoti

Endi ortga qaytmaydi.


Ko'z o'ngimda go'yoki

Qad ko'tarar tirik jon.

Yulduz futbolchi asli

Samoni aylar makon.


O'g'lonlar erta ketdi,

Shijoati so'nmasdan.

Biri yosh kuyov, biri

Chimildiqni ko'rmasdan.


Birida – mo'rg'ak o'g'il,

Burunchasi piqirlar.

Bilmaydi u... bilmaydi...

Har kuni eshik poylar.


Endi diydorlashishning 

Bo'lmaydi hech fursati.

Qo'lida padarining

Kulib turgan surati.


Otasining jamoasin

Eslab qolgan u zukko.

So'lakchasin oqizib,

Shivirlaydi: “Pa-ta-ko...”


Tilga kiradi surat:

“Yig'lamagin, jujuqcha.

Qayerda bo'lmagin, men

Hamisha yoningdaman.


Otangning ruhin shod qil,

Ko'rsat matonatingni.

Boshingni baland ko'tar,

G'oz tutgin qomatingni!..”


Mushtipari dod solar,

Bag'rida ho'l yostig'i:

“Sening o'rningga, mana,

Men o'lsam bo'lmasmidi...”


Uchayotgan qushlarga

Ona pichirlar g'amgin:

“Kulikovo dashtiga

Nolalarim etkazgin...”


Shikastlangan Isoqov

Ko'kka parishon boqar.

Ko'zlariga qo'shilib,

Oyog'idan yosh oqar.


Der: “Oyoq-ku, tuzalar,

Ammo yetishmas havo.

Qalbda qolgan chandiqqa 

Topib bo'lmaydi davo...”


...Qushlar qoqadi qanot

Toshkentning osmonida.

Eshitilar oh-faryod

“Paxtakor” maydonida.


Qushlar qaytadi bir kun 

Saflarini buzmasdan.

Ko'kka termulaman men

Umidimni uzmasdan.


Dili og'rimasin deb,

Hech kim rostin aytmaydi –

“Paxtakor” samolyoti

Endi ortga qaytmaydi.


Bugun ulg'aygan o'g'il, 

Sochlariga yoqqan qor.

Farzandiga otasin

Eslatar takror-takror.


Bobosining jamoasin 

Yod olgan jajji zukko.

So'lakchasin oqizib,

Shivirlaydi: “Pa-ta-ko...”


Ular ko'zlagan yo'lni

Avlodlari zabt etar.

Mamlakat o'g'lonlari

Dunyoni zir titratar.


Uzoqlashmaydi bizdan, 

Qalbimizda siyrati.

Aks etar yulduzlarda 

Kulib turgan surati.


Tilga kirar yulduzlar:

“Taslim bo'lma hech qachon.

Qayerda bo'lmagin, men

Hamisha yoningdaman.


Ajdodlar ruhin shod qil,

Ko'rsat matonatingni.

Boshingni baland ko'tar,

G'oz tutgin qomatingni!”


Oqil Abdubarnoev

2024 yil


Оқил АбдубарноевMuallif
Manba: championat.asia