Rasmiy xabar. Shahzod Ubaydullaev - "Shaxtyor" (Soligorsk) futbolchisi

Aslanov Jasurbek
13 yanv 2021
Yangi mavsumda o'zbekistonlik futbol ishqibozlari UEFA chempionlari ligasida “Shaxtyor” (Soligorsk) klubiga muxlislik qiladigan bo'lishdi.

Bu haqida "Metallurg" klubi matbuot xizmati xabar bermoqda.

"Bekobodning “Metallurg” jamoasi hujumchisi va to'purari Shahzod Ubaydullaev bugun Belarus chempioni – “Shaxtyor” klubi bilan shartnomani rasmiylashtirdi. 

Belarus chempionatida to'p surayotgan o'zbekistonlik futbolchilar soni yana bir nafarga oshdi. Metallurg klubining 22 yoshli hujumchisi 8 yanvar sanasida Belarusga uchib ketgandi. Ubaydullaev bo'lg'usi klubi qarorgohida tibbiy ko'rikdan o'tdi. Kecha tomonlar bir to'xtamga kelishdi hamda o'zaro  shartnoma imzolandi. Eslatib o'tamiz, o'tgan yili mazkur klub sharafini o'zbekistonlik boshqa bir o'yinchi Jasur Yaxshiboev ham himoya etgandi.

Shahzod Ubaydullaev o'tgan yili “Metallurg” tarkibida Superliganing 26 o'yinida maydonga tushib, 8 ta gol urgandi. Bundan tashqari Shahzod Ubaydullaev 2020 yilgi mavsumdan e'tiboran O'zbekiston milliy terma jamoasi murabbiylari e'tiboriga tushdi. MTJning yig'inlariga jalb etildi va uchta o'rtoqlik uchrashuvida maydonga tushirildi. Shahzod o'zining O'zbekiston MTJ tarkibidagi debyut uchrashuvidayoq Tojikiston milliy terma jamoasi darvozasini ishg'ol etgandi.

Shahzod Ubaydullaevga “Metallurg” tarkibidagi samarali mavsum uchun minnatdorchilik bildiramiz va “Shaxtyor” (Soligorsk) tarkibida Belarus chempionati hamda xalqaro maydonlarda omad yor bo'lishini tilaymiz",- deb yozadi klub o'zining rasmiy telegram sahifasida.


Aslanov JasurbekMuallif
Manba: "Металлург" матбуот хизмати