Ravshan Haydarov: "Hech kimdan qo'rqmaymiz, lekin har bir raqibga hurmat bilan yondashamiz"

Iskandarov Abdulaziz
30 may 2025
Kecha 2026 yilgi U-23 Osiyo Kubogiga qur'a tashlash marosimi bo'lib o'tdi.

 Unga ko'ra, Ravshan Haydarov boshchiligidagi O'zbekiston U-23 terma jamoasi Qirg'iziston, Shri Lanka va Falastin bilan birga "E" guruhidan joy oldi. Bizning guruh o'yinlari Qirg'izistonda bo'lib o'tadi. O'zbekiston U-23 terma jamoasi bosh murabbiyi Ravshan Haydarov qur'a tashlash yakunlari va kelgusidagi rejalar haqida quyidagicha fikr bildirdi.


"Qur'a jarayonida saralashdagi raqiblarimiz va mezbon mamlakatni bilib oldik. Yoshlar miqyosidagi turnirlarda har qanday jamoadan kutilmagan natijalar chiqishi mumkin, chunki yosh futbolchilar har oyda o'zgarib, o'sish jarayonidan o'tishadi.

Qirg'iz Respublikasida futbolga katta e'tibor qaratilayapti, yangi maydonlar qurilyapti. Ular mezbon sifatida yaxshi tayyorgarlik ko'rishi tabiiy - bu ular uchun katta motivaciya.

Falastin termasi doimo sirli jamoa hisoblanadi. Mamlakat og'ir sharoitda ekaniga qaramay, ko'plab futbolchilari Yevropada to'p suradi.

Shri-Lanka haqida hozircha to'liq ma'lumotga ega emasmiz. Ular bilan avval to'qnash kelmaganmiz, o'rganishni endi boshlaymiz. Hech kimdan qo'rqmaymiz lekin har qanday raqibni hurmat qilishimiz kerak.  Barcha raqiblar bo'yicha ma'lumot yig'yapmiz, ammo asosiy e'tiborni o'z tayyorgarligimizga qaratyapmiz.

Futbolchilarning Superligadagi o'yinlarini kuzatib, tayyorgarlikka jalb qilib, jamoa o'yinini shakllantiryapmiz. Avvalgi U-20 terma jamoasi safidagi ko'p futbolchilar hozir milliy jamoa yoki legioner sifatida faoliyat yuritmoqda. Ular o'rniga yangi istedodlarga imkoniyat berayapmiz.

Bizning asosiy maqsad - U-23 Osiyo Kubogiga yo'llanma olib, futbolchilarni katta musobaqalar uchun toblash", - dedi Ravshan Haydarov.


Iskandarov AbdulazizMuallif
Manba: Championat.asia