Shahboz Erkinov Krasnickiy klubi a'zosiga aylandi

Narzulla Saydullayev
31 avg 2016
“Nasaf” jamoasi safiga ikkinchi davradan kelib qo'shilgan tajribali hujumchi Shahboz Erkinov Krasnickiy to'purarlar klubi a'zosiga aylandi.

Shaxboz Erkinov jamoamiz safiga qo'shilganga qadar 99ta to'p muallifi bo'lgan. U oxirgi 99-golini “Mashal” safida kiritgan edi. Hujumchi shu paytgacha milliy chempionatimizda 85ta, kubok bahslarida 13ta va klublar safida qitamiz futbol musobaqalarida 3ta gol kiritgan.
 
26 avgust kuni Qo'qonda bo'lib o'tgan 20-tur doirasidagi “Qo'qon-1912” jamoasi bilan bo'lgan bahsda ikki marta raqiblar darvozasini ishg'ol qildi. Yani u 100 va 101-gollarini kiritdi. Bu bilan u mamlakatimizning Krasnickiy nomidagi to'purarlar klubi a'zosiga aylandi.
 
O'z faoliyatini “Paxtakor” jamoasida boshlagan Shaxboz Erkinov mamlakatimizning ko'pgina klublarida to'p tepgan. “Nasaf” uning ettinchi klubi hisoblanadi. Shuningdek Shaxboz Erkinov vohamizning uchta klubida ham to'p tepgan futbolchilardan biri sanaladi.
 
Endi ushbu tajribali hujumchi, dastlab Oleg Shackix a'zo bo'lgan - Krasnickiy klubi a'zosi hisoblanadi.
 
Shaxboz Erkinovni ushbu katta yutuq bilan klubimiz rahbariyati, murabbiylari va jamoamizning barcha a'zolari, shuningdek muxlislar nomidan muborakbod etamiz.
 
Ushbu Krasnickiy nomidagi to'prarlar klubiga hozirgacha mamlakatimizning 35 nafar futbolchisi a'zo bo'lgan. Shaxboz Erkinov esa 36-a'zo sifatida qayd etildi. Erkinovdan keyingi o'rinda jamoamizning yana bir a'zosi – Ilhom Shomurodov turibdi, uning hisobida hozircha 82ta to'p bor.
 
To'purarlar klubi a'zolariga topshiriladigan maxsus sovrin, jamoamizning yaqin uchrashuvlarining birida rasman unga topshirilishi kutilmoqda.


Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: fcnasaf.uz