Umtiti Mbappening gapiga qo'shilmaydi: "Himoyada o'ynash oson emas"

Aslanov Jasurbek
6 apr 2026
"Barselona" va Fransiya terma jamoasi sobiq himoyachisi Samyuel Umtiti "Real" hujumchisi Kilian Mbappening himoyachilar haqidagi fikriga etiroz bildirdi.

Avvalroq Mbappe Orelen Tchuamenining yutub-kanaliga bergan intervyusida maydondagi eng oson poziciya markaziy himoyachi ekanligini, bu yerda hatto 40 yoshli futbolchilar ham bemalol o'ynashi mumkinligini hazil aralash aytgan edi.

"Hujumchilar ko'pincha shunday deyishadi. Lekin himoyada hammasi boshqacha. Bir marta xato qilsang - darrov jazolanasan, shuning uchun bu eng oson poziciya emas.

To'g'ri, himoyachilar kamroq yugurishi mumkin, lekin o'yindan keyin boshing qattiq og'riydi. Chunki hujumchi o'yin davomida 10 marta xato qilishi mumkin va bu hech narsani o'zgartirmaydi, himoyachida esa bunday imkoniyat yo'q. Agar yakkakurashda yutqazsang, raqib gol urishi va hammasi tugashi mumkin. Kilian buni biladi. Nima uchun bunday deganini tushunmadim, u bilan bu haqda gaplashib olaman (kuladi).

Umuman olganda, qaysidir poziciyani boshqasidan osonroq deb bo'lmaydi. Maydondagi har bir chiziq juda muhim", - dedi Umtiti "L’After Foot" nashriga bergan intervyusida.


Aslanov JasurbekMuallif
Manba: L’After Foot