Yanvar oyidagi eng muhim voqealar

Narzulla Saydullayev
4 fev 2014
2014 yilning dastlabki oyi ham o'z yakuniga etdi. Qish bo'lishiga qaramay o'zbek futboli bir zum bo'lsa ham tingani yo'q.
Klublarimiz bahorda boshlanadigan yangi mavsumga tayyorgarlikni davom ettirishmoqda. Bundan tashqari O'zbekiston yoshlar terma jamoasi Ummonda Osiyo chempionatida qatnashdi. Quyida ushbu yilning birinchi oyida yurtimiz futbolida sodir bo'lgan voqealarlar bilan tanishtiramiz.


Ummondagi omadsizlik
Shuhrat Maqsudov boshchiligidagi O'zbekiston yoshlar (U22) terma jamoasi yanvar oyida Ummonda bo'lib o'tgan dastlabki Osiyo chempionatida ishtirok etdi. Ko'pchilik bir qator Jahon chempionatlarida ishtirok etgan futbolchilardan tashkil topgan jamoadan kamida yarim finalni kutishdi. Guruh bosqichining ilk turida Xitoyga qarshi uchrashuvda yoshlarimiz so'nggi daqiqalarda Egor Krimec va Igor Sergeev tomonidan urilgan gollar evaziga irodali g'alabaga erishishgandi. Biroq keyingi turda Iroqqa (1:2) va Saudiya Arabistoniga (0:1) imkoniyat boy berildi. Shu tariqa O'zbekiston guruh bosqichida qolib ketdi. Osiyo chempionati finalida Iroq va Saudiya Arabistoni bellashishdi. Yakunda iroqliklar birinchi bor bo'lib o'tgan qita chempionatida g'oliblikni qo'lga kiritishdi.




Ermatov Braziliyaga boradi
7 yanvar kuni IFFHS talqiniga ko'ra 2013 yilning eng yaxshi hakamlari nomi e'lon qilindi. Unda jahondagi hakamlar orasida 8-o'rinda qayd etilgan hamyurtimiz Ravshan Ermatov bir hafta o'tib yana bir hushxabar eshitdi.

Jim Boys boshchiligidagi FIFA hakamlar qo'mitasi 14 yanvar kuni 2014 yilgi mundialda ishlaydigan 25ta hakamlar brigadasi ro'yxatini tasdiqladi. Ular orasida 2010 yilgi mundialda ishlagan hamyurtimiz Ravshan Ermatov brigadasi ham bor. Uning qanotdagi yordamchilari sifatida Abdulhamidullo Rasulov va qirg'izistonlik Bahodir Qo'chqorov qayd etilishgan.

Ermatov MDH davlatlari orasida Braziliyadagi mundialda ishlaydigan yagona hakam ekanini takidlash lozim.

Ushbu hakamlar endi 20-29 mart kunlari Cyurixdagi FIFAning "Elit referilari" xalqaro seminarida ishtirok etishadi.



Murodjon Ismoilov "Neftchi"da
3 yanvar kuni "Paxtakor" bosh murabbiyi Murodjon Ismoilov Farg'onaning "Neftchi" klubiga ko'chib o'tdi. O'tgan yildan boshlab asli vodiylik bo'lgan Ismoilovning "Neftchi"da ishlash mumkinligi haqida xabarlar chiqqandi. Bu holat yilning ilk kunlarida rasman amalga oshdi.

Klub rahbariyati, murabbiylar shtabi va futbolchilar  ishtirok etgan majlisda shu kunga qadar “Paxtakor” bosh murabbiyi lavozimida ishlab kelgan Murodjon Ismoilov rasman “Neftchi” bosh murabbiyi etib tayinlandi. “Neftchi” maslahatchi murabbiyi Amet Memet bilan esa xayrlashildi.

Yanvar oyi oxirida Ismoilov “Buxoro”da ish boshlashi kutilayotgan Aleksey Evstafeevni o'ziga yordamchi sifatida Farg'onaga chorladi.




Babayan - menedjer

"Paxtakor" klubi bosh murabbiyi Murodjon Ismoilov Farg'onaga ko'chib o'tganidan so'ng "sherlar"da ushbu lavozim bo'sh qolgandi. Klub rahbariyati yangilikk qo'l urib bosh murabbiylik lavozimidan voz kechdi va Samvel Babayanni klubga menedjer etib tayinladi.

Bundan buyon "Paxtakor"da klub boshqaruv tizimi, jamoa va akademiyaning natijalari uchun asosiy javobgar shaxs - menejer hisoblanadi. Babayan jamoalarning natijalariga mas'ul bo'ladi.



Ashurmatov “Bunyodkor” orqali “Navbahorda”
O'tgan mavsumni “Guliston” bosh murabbiyi sifatida o'tkazgan Baxtiyor Ashurmatov jamoani oliy ligada saqlab qola olmadi. Bunga ko'p jihatdagi klubdagi moliyaviy holatning yomonligi ta’sir qildi. Shundan so'ng yosh mutaxassis “Bunyodkor” murabbiylar shtabidan o'rin oldi.

Biroq Ashurmatovga Namanganning “Navbahor” jamoasi rahbariyatidan taklif tushdi. Baxtiyor Ashurmatov vaziyatni o'rganib chiqib, “qaldirg'ochlar” raxbariyatiga mustaqil ish olib borish istagida ekanini ma'lum qildi. "Bunyodkor" futbol klubi murabbiyning istagini inobatga olib, uni “Navbahor” bosh murabbiyi sifatida ishlashiga qarshilik bildirgani yo'q.




“Lokomotiv”dan uchta transfer
7 yanvar kuni Marat Bikmaev Toshkentning "Lokomotiv" klubi bilan ikki yillik shartnoma tuzdi. Bunga qadar Qozog'istonning "Aktobe" klubida faoliyat olib borgan o'zbekistonlik futbolchi og'ir jarohat tufayli uzoq muddatga safdan chiqqan. 2014 yil sentyabr oyida maydonga qaytishi kutilayotgan Bikmaev "temiryo'lchilar"ga keyingi mavsumda yordam berishi kutilmoqda.

Bundan tashqari yanvar oyida "Loko" ikki nafar legioner bilan shartnoma tuzdi. Ukrainalik Vyacheslav Shevchenko va Moldova milliy terma jamoasi a'zosi Andrey Kojokar O'zbekiston vice-chempionlari bilan yuksak marralarni zabt etishga urinishadi.




Sarkisyan Qosimovga yordamchi
Yurtimizdagi futbol mutaxassislari orasida katta tajribaga ega bo'lgan Yuriy Sarkisyan yanvar oyida Toshkentning “Bunyodkor” jamoasida ish boshladi. 27 yil “Neftchi” klubida ishlagan Yuriy Vazgenovich o'tgan yil may oyida iste'foga chiqarilgandi. Ma'lum vaqt xordiq chiqarib olgan murabbiy "qaldirg'ochlar"dan tushgan taklifni qabul qildi.

Endi Yuriy Vazgenovich "Bunyodkor" klubida maslahatchi murabbiy sifatida ish olib boradi.

O'tgan yil dekabr oyida bir qator futbolchilar bilan shartnoma imzolagan “qaldirg'ochlar” yanvar oyida “Nasaf” vakili Jahongir Jiyamurodov bilan kelishuvga erishishdi. Faoliyati davomida “Mashal” va “Nasaf” klublarida o'ynagan himoyachi endi Toshkent klubi safida o'ynaydi.



Igor Taran “ajdarlar” safida

Faoliyati davomida “Sho'rtan”, “Andijon”, “Bunyodkor” jamoalarida to'p tepgan Igor Taran o'tgan oyning dastlabki kunlarida Qarshining “Nasaf” klubi bilan bir yillik shartnomaga imzo chekdi.

O'tgan mavsumni "Bunyodkor" safida o'tkazgan Taran "Nasaf" safida Antaliya yig'ini doirasidagi to'rtta o'yinda raqiblar darvozasiga 5ta to'p kiritgani uni yangi jamoaga tezda moslashib ketganini anglatadi.

"Ajdarlar" Turkiya yig'inini yakunlab 30 yanvar kuni BAA yig'iniga uchib kyetishdi. 




Inileev Qozog'istonda ishlaydi
Deyarli ikki yarim yil ishsiz yurgan Rauf Inileev shu yilning boshida nihoyat yana sevimli ishiga qaytdi. Osiyoning 2007 yildagi eng yaxshi murabbiyi Qozog'iston 1-ligasi vakili "Maqtaaral" klubi bilan shartnoma imzoladi. Ayni paytda ushbu klub Toshkentda yangi mavsumga tayyorgarlikni olib bormoqda. Jamoa safida bir qator o'zbekistonlik futbolchilar ko'rikdan o'tishmoqda.




Qilichev, Rahmatullaev, Zeytullaev, Musaev va Abduxoliqov
Yanvar oyida bir nechta futbolchilarimiz xorij klublari bilan shartnoma tuzishdi.

"Paxtakor" klubi yarim himoyachisi Oybek Qilichev 12 yanvarda BAA pro ligasi ishtirkochisi hisoblangan "Al Shaab" klubiga ijaraga berildi. Futbolchi yangi klub bilan 6 oylik shartnomaga imzo chekdi. Oybek hozirga qadar "Shaab" safida bir nechta o'yinlar o'tkazdi. Qilichev bu klubda 80-raqamni tanladi.



17 yanvar kuni "Lokomotiv" klubi sobiq yarim himoyachisi Dilshod Rahmatullaev Turkiya birinchi divizioni vakili "Sanliurfaspor" bilan 5 oylik shartnoma imzoladi. Hamyurtimiz bu klub safida o'zining debyut uchrashuvini o'tkazishga ham ulgurdi. Aytgacha Dilshod Turkiya klubida 60-raqamda o'ynamoqda.  

O'tgan oyning so'nggi kunlarida “Paxtakor” klubi sobiq hujumchisi Temurxo'ja Abduxoliqov Xorvatiyaning olti karra chempioni hisoblangan “Xayduk” klubida ko'rikdan o'tayotgani haqida xabarlar chiqdi. Futbolchi 28 yanvar kuni jamoaning Turkiyadagi yig'iniga borib qo'shilgan va kuni kecha Tibilisining “Dinamo” klubiga qarshi bo'lib o'tgan nazorat uchrashuvida maydonga tushib golli pas berishga ham erishdi. Hozirda Turkiyada yig'in o'tkazayotgan Ukrainaning “Goverla” klubi hujumchisi, hamyurtimiz Maksim Shackix Temurxo'ja bilan uchrashib unga omad tiladi. Katta ehtimol bilan Abduxoliqov Igor Tudor boshchilik qilayotgan “Xayduk” klubi bilan shartnoma tuzadi.



30 yanvar kuni Italiya matbuotida ayni paytda erkin agent hisoblangan Ilyos Zeytullaev “Torino” klubi bilan shartnoma tuzgani haqida xabarlar tarqatdi. Futbolchining o'zi keyinchalik bu ma'lumotni tasdiqladi. 10 yildan ortiq davomida Italiyaning turli jamoalarida va turli ligalarida o'ynagan hamyurtimizga “A” seriyada yuqori o'rinlarni egallab turgan klub shartnoma taklif qilgani ko'pchilik uchun kutilmagan yangilik bo'ldi.

Oyning so'nggi kunida Qatarning “Al Muayzir” klubida faoliyat olib borayotgan hamyurtimiz Fozil Musaev yurtimizga qaytayotgani ma'lum bo'ldi. Qatar klubi rahbariyati futbolchilarga vada qilingan sharoitlarni yaratib bermagani sababli hamyurtimiz shartnomani bekor qilgan. Eslatib o'tamiz, Musaev 2013 yil iyul oyida Qatarning "Al Muayzir" klubi bilan shartnoma tuzgandi. Bu davr mobaynida futbolchi Qatar klubi safida 15ta o'yinda maydonga tushib 1ta gol urdi.




Narzulla Saydullaev.

Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: championat.asia