

E'tibor bersangiz, xoh men singari varaqlashga qunt qilmaydigan o'sha kitoblardagi, xoh bugungi yoshlar sevib tomosha qiladigan zamonaviy kinolardagi qahramonlar bo'lsin – barchasining o'z yaralish tarixi bor. Masalan, "O'rgimchak-odam"ni olaylik: oddiygina yigitchaning vujudiga o'rgimchak chaqishi orqali g'ayritabiiy kuch kirib keladi. Har qanday buyuk qahramon ortida unga qudrat baxsh etgan qandaydir g'ayritabiiy hodisa yotadi.
Hayotda ham shunday bo'lishi mumkinmi? O'zbek futbolining yaqin o'tmishiga nazar tashlasak, bunga to'la ishonch hosil qilamiz. Faqat bunda voqealar kinolardagidek to'qima emas, balki chinakam va dahshatli haqiqat bilan qorishgan.
1966 yilning 26 aprel tongi. Toshkent ostidan go'yoki ming yillik ajdarho uyg'ongandek, butun boshli shahar larzaga keldi. Asriy chinorlar tebrandi, devorlar quladi, odamlar yuragiga qo'rquv oraladi. Tabiat o'z bag'ridagi bor g'azabini, er ostida yig'ilgan cheksiz va dahshatli energiyani yuzaga sochib yuborgan edi. Shaharni chang va xavotir qoplagan, hamma ertangi kundan najot kutib turgan bir paytda...
Najot kutib turgan bir paytda, 27 aprel kuni sarosimadagi poytaxtda, vayronalar orasida chaqaloq yig'isi yangradi – o'zbek futbolining bo'lajak afsonasi Azamat Abduraimovning dunyoga keldi.
Soqoli tizzasiga tushadigan otaxonlar "Zilzila paytida erning bor quvvati yuzaga chiqadi, shu paytda tug'ilgan bolaga shu quvvat o'tadi" deyishgan. Go'yoki tabiat o'sha mudhish kuni havodagi va er ostidagi butun zo'riqish, mardonavorlik va engilmas kuchni mana shu go'dakning qoniga singdirib yuborgandek edi. Ekranlardagi qahramonlar chaqmoqdan yoki sehrdan kuch olsa, Azamat Toshkent zilzilasidan quvvat olib tug'ilgandi.
Azamatning vujudidagi "zilzila quvvati"ga asos bo'lgan, bu dahshatli qudratni jilovlab, unga to'g'ri yo'nalish bergan yana bir buyuk omil bor edi – uning tomirida otasi, o'zbek futbolining tirik afsonasi, mashhur Birodar Abduraimov qoni oqmoqda edi. Zilzila Azamatga cheksiz tabiiy kuch bag'ishlagan bo'lsa, ota geni bu kuchga aql, betakror iqtidor va yashil maydonga bo'lgan so'nmas muhabbatni baxsh etgandi.

O'sha mudhish kunlarda Toshkent ahli uchun "Paxtakor" stadioni najot va umid maskaniga, Birodar Abduraimov kabi o'yinchilar esa xalqqa taskin beruvchi chinakam qahramonlarga aylangan edi. Odamlar vayronalar ichidan chiqib, shu yigitlarning o'yinini ko'rib, ertangi kunga ishonch va yashashga kuch topardi.
Azamat ulg'aygani sayin uning vujudidagi tabiiy shiddat yuzaga chiqa boshladi. U yashil maydonda katta kuch timsoliga aylanardi. "Paxtakor" safida porlagan yigitcha tez orada nafaqat O'zbekiston, balki butun Osiyo qitasi va undan tashqari maydonlarda o'z "zilzilasini" ko'rsata boshladi. Uning futbolchilik karerasi o'ta rang-barang va sarguzashtlarga boy kechdi. Moskvaning "Spartak"idan tortib, Bangladeshning "Muhammedan" jamoasigacha, Malayziyaning "Paxang" klubidan Saudiya Arabistonining "Al-Vahda" va Hindistonning "Salgaokar" jamoalarigacha – u qaerga borsa, o'sha yerda raqib darvozalarini qaqshatardi. Masalan, 1992 yili Bangladesh chempionatida 17 ta gol bilan yaqqol to'purar bo'lishi yoki Malayziya va Saudiya klublarida jamoani etaklashi uning naqadar universal va kuchli hujumchi ekanini isbotlaydi. Uning har bir harakatida, shiddatli yurishlarida o'sha tarixiy tongning nafasi bor edi.
Taqdir hazilini qarangki, eng katta sinov va eng buyuk g'alaba ham qachonlardir zilzila va vayronagarchilik bilan yuzma-yuz kelib, qayta tiklangan shaharda – Yaponiyaning Xirosimasida yuz berdi. 1994 yilgi Osiyo o'yinlari. Mustaqil O'zbekiston terma jamoasi umid va hayajon bilan maydonga tushdi. Hal qiluvchi lahzada sahnaga yana o'sha "zilzila farzandi" chiqdi.
Turnirning eng hayajonli onlari yarim finalga to'g'ri keldi. Raqib – Osiyoning eng kuchli va mag'lub qilinmasdek tuyulgan jamoasi Janubiy Koreya. O'yin taqdiri qil ustida turgan, asablar tarang tortilgan o'sha asabiy lahzalarda Azamat Abduraimov tarix sahnasiga chiqdi va hal qiluvchi g'alaba to'pini kiritdi – 1:0! U butun boshli Koreya himoyasini hayratdan larzaga keltirdi. Finalda esa Xitoy ustidan qozonilgan shonli g'alaba (4:2) mustaqil O'zbekiston tarixidagi ilk va eng katta chempionlik sifatida tarixga muhrlandi.
Tarix hech qachon adashmaydi. 1966 yilning eng og'ir bahorida Toshkentda bir chaqaloq dunyoga kelganida, hech kim bu go'dak kun kelib butun boshli millatning yuzini yorug' qilishini xayoliga ham keltirmagandir. Ammo hayotning o'z qonunlari bor – vayronalar o'rnida hamisha yangi, yanada mustahkam va go'zal hayot qad rostlaydi.
O'sha mudhish, ammo umidbaxsh tongga roppa-rosa 60 yil to'ldi. Toshkent zilzilasi bilan tengdosh, vayronalar ichida dunyoga kelib, keyinchalik millatning qaddini tiklashda o'z hissasini qo'shgan qahramonimiz bugun o'zining qutlug' 60 yoshini qarshi olmoqda.

Azamat Abduraimov mustahkam hayotning, xalqimizning hech qanday ofat oldida sinmaydigan irodasining tirik timsolidir. Otasi Birodar Abduraimovdan meros qolgan buyuk futbolchilik geni va Toshkent zilzilasidan olingan tabiiy qudrat uni maydondagi engilmas jangchiga aylantirdi.
Oqil Abdubarnoev tayyorladi.

