"Kino davom etadi": "Nasaf" Diakite uchun jarima to'laydi

"Navbahor"ning Kanchelskis, "Surxon"ning Bubanya bilan mojarolari trenddan tushib ulgurgani yo'q.

Bugun Qarshidan ham shunday darak keldi. Ma'lum bo'lishicha, FIFA o'zbek futbolida professionallikning timsoli sifatida ko'rsatiladigan "Nasaf"ga 2 noyabr kuni bir quloch xat yuborgan...

"Ajdarlar" 2020 yilgi mavsumga tayyorgarlikni Antalyada o'tkazgani yodinizda bo'lsa kerak. Aynan Turkiya yig'inida jamoaning bugungi yetakchisi Marko Stanoevich bilan shartnoma imzolangan edi. Buni nega eslayapmiz?

Gap shundaki, klub matbuot xizmati 2020 yilning 7 fevralida "Nasaf" yig'iniga Stanoevich bilan birga, fransiyalik Abdelaye Diakite kelib qo'shilgani haqida ma'lumot bergan.

Keyinchalik ko'rikdan muvaffaqiyatli o'tgan serbiyalik bilan shartnoma imzolandi. Mali aslli Diakite esa "Nasaf" lagerida boshqa ko'rinish bermadi.

Endi esa FIFA qashqadaryoliklarga xat yuborib, 45 kun ichida Abdelayening hisob raqamiga yaxshigina summa o'tkazib berishni talab qilyapti. 

Championat.asia'ga ma'lum bo'lishicha, futbolchi "Nasaf"ning ustidan FIFAga arz qilgan. Tashkilot esa bu ishni o'rganib chiqqani holda 31 yoshli himoyachini haq deb topgan.

Uning takidlashicha, Antalyada "Nasaf" vakillari Diakite bilan 1 yillik shartnoma tuzishgan. Biroq, ma'lum muddatdan keyin bitim 1 tomonlama bekor qilinganini aytib, uni ketkazib yuborishgan. Shundan keyin yozga qadar klubsiz yurgan Abdelaye Ruminiya klubi safiga borib qo'shilgan ekan.

FIFA bunday holatda futbolchining huquqlarini himoya qilishini bilasiz. "Nasaf" esa 12 kun ichida mazkur qaror yuzasidan appelyaciya berish huquqiga ega. Agar himoyachi talab qilayotgan summa vaqtida to'lanmasa, "ajdarlar"ga kelasi mavsum uchun OFK licenziyasi taqdim etilmaydi. Klubga yaqin manbalardan biri "Nasaf" to'lashi kerak bo'lgan summa taxminan 100 ming dollar atrofida ekanini bildirdi.

Maqola: Bahrayndagi mag'lubiyatdan keyin... 


Manba: championat.asia