"Man Yunayted"da Ouendan keyin 7-raqamni olgan futbolchi hozir qayerda?

2009 yil. Yozgi transfer mavsumi MYU uchun muhim ahamiyat kasb etgandi.

O'shanda klub tarixidagi eng qimmatbaho sotuv amalga oshirildi: Krishtianu Ronaldu ⇒ "Real Madrid" (94 mln evro). Asosiy shogirdi jamoani tark etgan bo'lsa-da, SAF yangi yulduzlarni jalb qilishga shoshilmadi. Klub transfer oynasi yopilguniga qadar faqat 3 futbolchi uchun pul sarfladi: "Bordo"dan 20 yoshli Gabriel Obertan (4 mln evro), "Uigan"dan 25 yoshli Antonio Valensiya (18,8 mln evro) va "Molde"dan 21 yoshli Mame Biram Diuf (4,5 mln evro).

Bu uchlikdan faqat ekvadorlik o'yinchining Manchestyerdagi ishlari yurishib ketdi. Klub sharafini 10 yil davomida himoya qilgan Valensiyani hatto jamoa afsonalari qatoriga qo'shsak, mubolag'a bo'lmasa kerak. Zero, u "qizil iblislar" libosida Nemanya Vidich (300) va Krishtianu Ronaldudan (292) ko'proq o'yin o'tkazgan (339).

7-raqamning MYU tarixidagi o'rnini bilasiz. E'tiborli jihati, mazkur raqamda to'p tepish baxti Erik Kantona, Devid Bekxem, Krishtianu Ronaldu va Maykl Ouendan keyin Antonio Valensiyaga ham nasib qildi. U 2012-13 yilgi mavsumni 7-raqamda o'tkazgan.

Shuningdek, Maykl Karrik faoliyatini yakunlaganidan keyin ekvadorlik tezkor futbolchi "Manchester Yunayted"ning asosiy sardori va yetakchisiga aylandi.

Valensiyaning Manchestyerdagi missiyasi 2019 yilda yakuniga etdi. Shundan keyin bir muddat vatanida o'ynagan futbolchi 2021 yilni Meksikaning "Keretaro" jamoasida boshladi.

Biroq, joriy yilning 12 may kuni sog'lig'idagi muammolar tufayli ortiq davom etolmasligini e'lon qilgan Valensiya 36 yoshida katta futbol bilan vidolashdi. Quyida uning MYU safida amalga oshirgan samarali harakatlarini tomosha qilishingiz mumkin.


"Atletiko"dan "Barselona"ga o'tgan Arda Turan hozir qayerda?


Manba: championat.asia