O'zbekiston kubogi finalida VAR tizimidan foydalanilishi mumkin

O'FA Hakamlar va nazoratchilar bo'limi mutaxassislari hamda FIFAning VAR bo'yicha mas'ul vakillari ayni kunlarda FIFA mutasaddilari bilan O'zbekiston kubogi-2020 final uchrashuvida VAR tizimidan foydalanish bo'yicha muzokaralar olib bormoqda.

Ushbu uchrashuvda VAR tizimidan foydalanish bo'yicha FIFA VAR platformasiga zarur meyoriy hujjatlarni yuklash ishlari olib borilmoqda.

Video yordamchi hakamlar (Video Assistant Referee) brigadasi yakuniy test sifatida ertaga bo'lib o'tadigan ayollar o'rtasidagi O'zbekiston U20 terma jamoasi hamda Paxtakor-W vakillari o'rtasidagi o'rtoqlik uchrashuvida faoliyat olib boradi.

Ushbu hakamlarning o'yin davomida ko'rsatgan natijalari hisoboti FIFA ga yuboriladi. Shundan so'ng, 18 dekabr kuni VAR tizimini rasmiy uchrashuvda ishga tushurish bo'yicha FIFA tomonidan yakuniy qaror chiqariladi.


Manba: ufa.uz