O'zPFL "Bobur Arena"dagi ishlarni ko'zdan kechirdi

Sherzod Nurmatov
13 iyul 2023
Ma'lumki, Andijondagi "Bobur Arena" stadionida keng ko'lamli rekonstrukciya ishlari jadallik bilan olib borilmoqda.

Shu maqsadda kuni kecha O'zPFLdan klublarni licenziyalash va xalqaro aloqalar bo'limi boshlig'i Zohirshox Akramxonov boshchiligidagi delegaciya tashrif buyurdi. 

Bundan ko'zlangan maqsad "Bobur Arena" stadionining Superliga uchrashuvlarini o'tkazishga tayyorligini baholash bo'yicha tekshiruv o'tkazishdir. 

Xabaringiz bor, maydon tayyor holatga keltirilgan. Bundan tashqari, projektor, kiyim almashtirish xonalari, media tribuna, televidenie kameralari o'rnatiladigan joylar, zaxira o'rindiqlari, doping nazorat xonasi, tibbiyot xonasi, komissar xonasi, hojatxona, sharhlovchilar xonasi, nazoratchilar xonasi, VIP hamda SIP tribunalar, barcha-barcha yo'nalishlar ko'zdan kechirildi. 

Mavjud kamchiliklar ko'rsatib o'tildi hamda ularni bartaraf etish bo'yicha tavsiyalar berildi. 28 iyul kuni Superliganing 14-tur doirasida "Andijon" "Nasaf" bilan bellashadi. Ushbu o'yinga bir hafta qolganida O'zPFL delegaciyasi "Bobur Arena" stadioniga yakuniy ravishda tashrif buyurishadi hamda stadion Superliga bahslariga tayyor yoki tayyor emasligi bo'yicha o'shanda qaror qabul qilinadigan bo'ldi. 

Eng asosiysi shundaki, O'zPFLning klub oldiga qo'yayotgan birinchi sharti – stadion yoritkich tizimi quvvatini 2000 lyuksga keltirish masalasi bo'lmoqda. Shuni takidlash kerakki, yangi yoritish tizimi uchun 240 dona zamonaviy lampalar Polshadan etkazib kelinishi bo'yicha "Andijon" futbol klubi tegishli tashkilot bilan shartnoma imzolagan. Shu kunlarda lampalar Andijonga yetib keladi.    

Umid qilamizki, "Bobur Arena"da amalga oshirilayotgan rekonstrukciya ishlari o'z vaqtida bajariladi.


Sherzod NurmatovMuallif
Manba: "Андижон" матбуот хизмати