Pioli: "Milan" ushbu mavsumda kutilganidan ko'ra yaxshiroq bo'la oldi"

Mirjalol Normatov
21 may 2023
"Milan" bosh murabbiyi Stefano Pioli A Seriya doirasida "Sampdoriya"ga qarshi o'yindan keyingi fikrlarini bildirdi.

"YCHLdagi ko'ngilsizlikdan so'ng bunday o'yin ko'rsatib, g'alabaga erishganimiz yaxshi holat bo'ldi. Ko'p gol urdik va bizga ishonch tuxfa qiladi. Ikkita o'yin qoldi va shundan keyin biz nimalarga erishganimiz ayon bo'ladi.

Biz YCHLda kutilganidan ko'ra ko'prog'ini qo'lga kirita oldik. Masalan, o'tgan mavsumda guruhdan chiqa olmagandik. Biroq albatta, yo'l hali tugagani yo'q.

A Seriyada esa ishlar biz istagandek kechmadi. Bizga barqarorlik yetishmadi va bugungi kabi o'yinlarda ko'p mag'lub bo'ldik. Oldimizda "Yuventus" kutib turibdi. Shunchaki yaxshi o'yin namoyish qilsak, ko'prog'ini qo'lga kirita olishimizni tushunishimiz kerak.

So'nggi ikki mavsumdagi sarguzashtlarimiz ajoyib bo'ldi, kutilganidan ko'ra ko'prog'ini muxlislarga bera oldik. Moliyaviy tomondan barchasi joyida. Yosh jamoaning o'sishiga zamin yarata oldik, skudettoni qo'lga kiritdik, YCHL yarim finaliga chiqdik.

Haqiqat shundan iboratki, "Milan" nafaqat Italiyada, balki Yevropada raqobatbardosh bo'lishi kerak. Biz darajani ko'tara oldik, biroq ayrim xatolar bizning A Seriyadagi o'rnimizga ta’sir qildi. Qarorlarimiz, klub, futbolchilarimiz bilan faxrlanaman. Bu erda barchamiz chin yurakdan mehnat qilsak, yanada kuchliroq bo'la olishimizga ishonaman", - dedi Pioli.


Mirjalol NormatovMuallif
Manba: Goal