Sayfiddin Ermatov vafot etdi

Tolibjon Qosimov
14 avg 2024
Uzoq yillar davomida iqtidorli sportchilarni tayyorlagan, hakamlik va nazoratchilik faoliyati bilan o'zbek futboli rivojiga hissa qo'shgan Sayfiddin Ermatovning vafoti munosabati bilan marhumning yaqinlari hamda oilasiga taziya bildiramiz.

Ma'lumot uchun, Sayfiddin Gazievich Ermatov 1953 yil 22 fevral kuni Toshkentda tavallud topgan. Bolaligidan futbolga mehr qo'yib, millionlar o'yini bilan shug'ullanib kelgan. Jumladan, yoshlik davrlarida "Paxtakor", "Spartak" va "Avtomobilchi" jamoalarida to'p tepgan. Shundan so'ng Sayfiddin Gazievich "Paxtakor" bolalar-o'smirlar sport maktabi va xalq orasida "Chig'atoy" nomi bilan mashhur bo'lgan futbol bo'yicha Respublika Oliy sport mahorati maktabida yoshlarga futboldan saboq bergan. Keyinchalik futbol hakami va inspektori sifatida samarali mehnat qilgan.

Sayfiddin Ermatov faoliyati davomida ko'plab istedodli yosh hakamlarni tarbiyalashda katta hissa qo'shgan. Shogirdlari orasida FIFA referisi, futbol mundiallarini boshqarish bo'yicha jahonning mutlaq rekordchisi Ravshan Ermatov, shuningdek, Abduhamidullo Rasulov kabi taniqli hakamlarni uchratish mumkin. Shuningdek, tarkibida Server Jeparov, Shuhrat Mirxoldirshoev, Yaroslav Krushelnickiy, Yuriy Nikitov kabi iqtidorlarni jamlagan 1982 yilda tug'ilgan futbolchilardan iborat O'zbekiston o'smirlar terma jamoasi bosh murabbiyi bo'lgan.

O'tganlarning oxirati obod bo'lsin!


Tolibjon QosimovMuallif
Manba: ЎФА матбуот хизмати