Ulug'bek Baqoev: "Buxoro"da moliyaviy inqiroz kuzatilmoqda"

Superliganing 16-tur doirasidagi "Paxtakor" - "Buxoro" (2:0) uchrashuvidan keyingi matbuot anjumanida buxoroliklar bosh murabbiyi Ulug'bek Baqoev klubdagi moliyaviy inqiroz bo'layotganini ta'kidladi.

- Juda issiq bo'lgani tufayli o'yin qiyin o'tdi. Futbolda kim gol ursa o'sha jamoa yutadi. "Paxtakor"ni g'alaba bilan tabriklayman. Biz esa kelgusi uchrashuvga tayyorgarlik ko'ramiz.

Salamat Qutibaev va Sanat Shixovda jarohat borligi sababli ularning imkoniyatlaridan foydalana olmadik. "Bunyodkor" bilan o'yinda olgan jarohatidan so'ng Qutibaev yaqinda jarrohlik stoliga yotqizildi. Futbolchi hali to'liq tiklanib urgurgani yo'q. Sanat Shixov esa tizzasidan jarohat olgan.

Bahodir Nasimovni xorijga, aniqrog'i Ozarboyjon klubiga qo'yvordik. Chunki shartnomada Nasimovga xorijdan taklif tushsa qo'yib yuborish bandi kiritilgandi. Shu boisdan ham uni tekinga Ozarboyjon klubiga qo'yvordik.

Ochig'ini aytadigan bo'lsam, "Buxoro"da moliyaviy  inqiroz kuzatilmoqda. Jamoa va klub a'zolari maosh olishmayapti. Bu nima bilan bog'liq ekanligini bilmayman. Bu savolga klub prezidenti, rahbariyat javob bergani maqul. Bu meni vakolatimdagi masala emas.


Manba: championat.asia