Uzoq vaqt sukut saqlagan "Surxon" bugundan ispaniyalik murabbiy boshchiligida yig'inni boshladi

Iskandarov Abdulaziz
20 yanv 2022
Xabaringiz bor, ayni vaqtda Superliga jamoalarining yangi mavsumga tayyorgarligi o'zining qizg'in pallasiga kirib bo'ldi.

Ular orasida faqatgina "Surxon" hali mashg'uotlarni boshlamagan edi. Nihoyat termizliklar bugundan e'tiboran Toshkentda yig'inni boshlashdi. Yig'inning ilk kungi jarayonini kuzatgan Championat.asia sayti jamoasi bir qator muhim ma'lumotlarni e'tiboringizga havola qilishni lozim topdi.

Demak endilikda "Surxon"ni ispaniyalik murabbiy Xordi Fabregat boshqaradi. Ushbu mutaxassis boshqaruv sohasida bunga qadar "Tortosa", "Mar Menor", "Portuense", "Amposta", "Arandina" va so'nggi bor "Ordino" klubida  ishlagan. 

Unga jismoniy tayyorgarlik bo'yicha murabbiy Xorxe Ruis ko'maklashmoqda. Yaqin kunlarda xorijdan darvozabonlar murabbiyi ham kelishi kutilmoqda. Klubda sport direktori sifatida Xuan Manuel Barosso ish boshladi.


Tarkibdagi o'zgarishlarga kelsak, bir qator boshqa nomlarni uchratishimiz mumkin. Umumiy hisobda bugungi mashg'ulotda 22 nafarga yaqin futbolchi qatnashdi. 

Yangi kelganlardan, Baxtiyor Qosimov, Ulug'bek Abdullaev, Davronbek Umirov, Shohruh Eshbo'taev, Timur Hakimov, Saidjamol Davlatjonov, shuningdek, jamoa uchun begona bo'lmagan Javohir Esonqulov va Akrom Xo'jaev ishtirok etmoqda. 

Jahongir Ahmadov jarohati sabab yakka tartibda mashg'ulot olib bordi. 

Bugun tarkibda ispaniyalik uch nafar legioner ham kelib qo'shilganligini takidlash joiz. Serxio Sidoniya, Aytor Rueda va Luis Sanches. Ulardan biri Luis Sanches "Real Madrid" akademiyasi tarbiyalanuvchisi hisoblanadi. Shu kunlarda Tojikistondan ham futbolchi taklif qilinishi ko'zda tutilgan. Bu borada alohida ma'lumot beramiz.


Foto: Tolibjon Qosimov


Iskandarov AbdulazizMuallif
Manba: championat.asia