"2022 yilgi JCH shunchaki Messiga berib yuborilganini hamma biladi" - Patris Evra

Sherzod Nurmatov
21 mar 2025
Fransiya terma jamoasi sobiq himoyachisi Patris Evra 2022 yilgi Jahon chempionati oldindan hal etib bo'linganini aytdi.

U RMC efirida hatto fransiyaliklar ham Argentina g'alabasini ko'rishni xohlaganini ta'kidladi.

"Yaxshi, biz 2018 yildan beri g'alaba qozonmadik, lekin 2022 yilda Jahon chempionati shunchaki Messiga berib yuborilganini hamma biladi. Hammasi oldindan belgilab qo'yilgandi, hatto fransiyaliklar ham shuni xohlagan... Fransiya – Argentina finali boshidagi penaltini eslang", – dedi Evra.

"Manchester Yunayted"ning sobiq futbolchisi, shuningdek, Dide Deshamning kelajagi haqidagi doimiy gap-so'zlarga nuqta qo'yish kerakligi, asosiy e'tiborni navbatdagi Jahon chempionatiga tayyorgarlik ko'rishga sarflash zarurligini qayd etdi.

"Biz hali ham Desham haqida gapiryapmiz. Odamlar har bir turnirdagi final va yarim finaldan charchadimi? Siz g'alaba qozonishni xohlaysizmi yoki shunchaki chiroyli o'ynashnimi?"

Dide Deshamning uzoq yillik faoliyati poyoni allaqachon rejalashtirib qo'yilgan va Zinedin Zidan JCH-2026dan keyin Fransiya bosh murabbiyi lavozimini egallashi muqarrar.

Eslatib o'tamiz, Argentina 2022 yil Qatarda bo'lib o'tgan mundial finalida Fransiyani mag'lub etgandi. Asosiy vaqt 3:3 hisobida yakunlangan va penaltilar seriyasida argentinaliklar 4:2 hisobida zafar quchgan.


Sherzod NurmatovMuallif
Manba: RMC Sport