Anvar Berdiev: "Ushbu uchrashuvda meni xursand qilgan narsa - "nol"ga o'ynaganimiz"

Aslanov Jasurbek
2 sep 2023
"Sho'rtan" hamda "Yunired" o'rtasidagi Pro liganing 16-tur o'yinidan (3:0) so'ng mezbon jamoa ustozi Anvar Berdiev ishtirokida matubot anjumani o'tkazildi.

Anvar Berdiev: "Bahs og'ir o'tdi. "Yunired" ikkinchi davrani yaxshi boshladi. Ular G'uzorga yaxshi kayfiyatda kelishgan edi, biroq shogirdlarim barcha ko'rsatmalarni to'g'ri bajarishdi. Imkoniyatdan foydalanib barchani "Mustaqillik bayrami" bilan tabriklayman".

- Uchrashuvdagi dastlabki gol 9 daqiqada urildi. Tezkor gol hisob yirik ko'rinishga kelishiga yordam berdimi?

- Futbol 90 daqiqa davom etadi, gollar esa soniyalar ichida uriladi. To'g'ri, tezkor gol ishimizni osonlashtirdi, lekin futbolchilarimga doim bir gapni qaytaraman: "Bahs dastlabki xushtakdan, oxirgi xushtak ovozigacha davom etadi".

- "Sho'rtan" hozirgacha 20ta gol urib, 18ta gol o'tkazib yuborgan. Bu normal holatmi?

- Yo'q, normal emas. Himoyachilar bilan ishlayapmiz, biroq bu bahona bo'la olmaydi. Jamoamiz so'nggi bor "nol"ga o'ynaganini eslay olmayman, yigitlar bugun xursand qilishdi.

- Zaxiradagilar ishonchni oqlashdimi? Ularning vazifasi hisobni ushlab qolishmidi yoki ko'proq gollar urish?

- Men hech qachon zaxiradan maydonga tushayotgan futbolchilarga hisobni ushlab qolish haqida gapirmayman.

- Bu bahs "Sho'rtan"ning mavsumdagi eng yaxshi o'yini bo'ldi deya olasizmi?

- Har bir o'yinda qiynalyapmiz. Ushbu uchrashuvda meni xursand qilgan narsa - "nol"ga o'ynaganimiz. Hujumdagi futbolchilarimiz ham o'z vazifalarini yaxshi bajarishdi. Hali oldinda o'yinlar bor, bu "Sho'rtan"ning joriy mavsumdagi eng yaxshi o'yini emas.


Aslanov JasurbekMaqola muallifi
Muqova: championat.asia

Izohlar