Anvar Hojimirzaev: "Bu yil 15 tadan kam gol urmoqchi emasman"

Iskandarov Abdulaziz
3 fev 2025
O'zbekiston milliy terma jamoasining yanvar oyida Qatardagi o'quv-mashg'ulot yig'iniga bir necha nafar yangi futbolchilar ham jalb qilindi.

Xususan, o'tgan yili Superligada to'purar bo'lishga intilgan Anvar Hojimirzaev ham ilk bor terma jamoa libosida to'p tepdi. Hujumchi bugundan "Dinamo" ixtiyoriga qaytdi va yangi mavsumga tayyorgarlikni davom ettirmoqda. 

- O'zbekiston terma jamoasida birinchi marotaba mashg'ulot olib bordingiz va o'rtoqlik uchrashuvida maydonga tushdingiz. Bu qanday hissiyotlarni berdi?

- Terma jamoada o'ynash o'zgacha bo'ldi. Qaysidir manoda bosimni his qilar ekansiz. O'rtoqlik uchrashuvi bo'lsa ham katta mas'uliyat, boshqacha ishonch elkangizda turadi. Kirishib kyetish qiyin bo'lgani yo'q. Ularning barchasi bilan aka-ukamiz. 

- Yig'in davomida murabbiy o'zgarishini jamoa qanday qabul qildi?

- Albatta, kutilmagan holat bo'ldi deya olaman. Srechko Katanetsni ham hali ko'rmagan edim. Timur aka bilan ishladik. Kim murabbiy bo'lsa ham maqsadimiz sari intilishda davom etishimiz kerak. Bu futbolda bo'lib turadigan holat.  

- Terma jamoadagi yuklamalardan so'ng "Dinamo"ga moslashish qiyinchiliklar tug'dirmayaptimi?

- Bugun klub safiga qo'shildim. Bir kunlik xordiqdan so'ng chempionatga jiddiy tayyorgarlik olib boryapmiz. Maqsadimiz o'tgan yilgidan katta. Muxlislarni munosib natijalar bilan xursand qilishimiz kerak. 

- Superligani ketma-ket ikkinchi yil "Navbahor"ga qarshi boshlaysizlar...

- O'tgan yili "Navbahor"ga 3:1 hisobida mag'lub bo'lgandik. Joriy mavsumni g'alaba bilan boshlashni istaymiz va buning uchun jamoamizda ishtiyoq ikki karra yuqori. Qur'ada kim tushishini ahamiyati yo'q edi. To'g'ri kelgani bilan o'ynaymiz. 

- 2025 yilda nechta gol urmoqchisiz?

- 15 tadan kam gol urmoqchi emasman. Yilni to'purar sifatida yakunlashni xohlayman. 2024 yilda bu marraga ozgina etmay qolgandi.


Iskandarov AbdulazizMuallif
Manba: Championat.asia