

25 iyul kuni Yevropa Ligasi 2-saralash bahslari javob uchrashuvlari bo'lib o'tdi. Qayd etish lozim, mazkur uchrashuvlarda O'zbekiston milliy terma jamoasiga nomzod bo'lgan bir qator futbolchilar maydonga tushishdi. Qozog'istonning Aktobe klubi o'z maydonida Norvegiyaning Xedd klubini qabul qildi va 2:0 hisobida hg'alaba qozondi. Eslatib o'tamiz, mazkur jamoalarning ilk o'yinida Xedd klubi o'z maydonida 1:0 hisobida g'alaba qozongan edi. Javob o'yinida esa, Aktobe 2:0 hisobida g'alabaga erishdi va keyingi bosqich yo'llanmasini qo'lga kiritdti. Ushbu uchrashuvda O'zbekiston milliy terma jamoasiga nomzod bo'lgan ikki nafar futbolchi - Aleksandr Geynrix hamda Temur Kapadzelar asosiy tarkibda maydonga tushishdi. Milliy terma jamoa yarim himoyachisi Temur Kapadze 75-daqiqada maydonni tark etgan bo'lsa, Aleksandr Geynrix o'yinda 90 daqiqa harakat qildi. Aktobe Yevropa Ligasi saralashining keyingi bosqichida Islandiyaning Breydablik klubiga qarshi to'p suradi.
Qozog'istonning yana bir jamoasi - Irtish esa safarda Bosniyaning Shiroki Brieg jamoasiga qarshi to'p surdi va 0:2 hisobida mag'lubiyatga uchradi. Uchrashuvda ikki nafar o'zbekistonlik hujumchi - Ulug'bek Baqoev hamda Kamoliddin Murzoevlar asosiy tarkibda maydonga tushishdi. Milliy terma jamoa hujumchisi Ulug'bek Baqoev o'yinda to'liq 90 daqiqa harakat qilgan bo'lsa, Kamoliddin Murzoev 62 daqiqada almashtirilgan. Dastlabki o'yinda o'z maydonida 3:2 hisobida g'alaba qozongan Irtish, javob uchrashuvida 0:2 hisobida mag'lubiyatga uchrab, Yevropa Ligasi bahslarida chiqib ketdi.
Qozonning Rubin klubi yarim himoyachisi, O'zbekiston milliy terma jamoasiga nomzod futbolchilardan biri Vagiz Galuilin (fotoda) 25 iyul kuni Serbiyaning Yagodina klubiga qarshi o'yinda asosiy tarkibda maydonga tushdi va to'liq 90 daqiqa harakat qildi. E'tiborlisi, Rubinning o'yindagi yagona goliga o'zbekistonlik yarim himoyachi hammualliflik qildi. O'yinning 52-daqiqasida kiritilgan gol Rubinga 1:0 hisobidagi g'alabani keltirdi. Dastlabki uchrashuvda ham 1:0 hisobida g'alaba qozongan Rubin, Yevropa Ligasi saralashi keyingi bosqichiga yo'l oldi. Keyingi bosqichda qozonliklar Daniyaning Randers klubiga qarshi o'ynaydi.



