"Navbahor": Yoshlarimiz klub prezidenti qabulida bo'lishdi

Narzulla Saydullayev
11 avg 2017
Namanganda yoshlar futboliga bo'lgan e'tibor kundan-kunga ortib bormoqda. Bunga yorqin misol tariqasida O'zbekiston yoshlar ittifoqi Namangan shahar kengashi negizida tashkil etilgan “Navbahor” yoshlar futbol akademiyasini ochilganligini ko'rsatish mumkin.

Bevosita bolalar va yoshlar futboliga e'tibor qaratish orqali kelajak uchun zamin yaratilishi barchaga ma'lum. Bugungi kunda O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati a'zosi, Namangan viloyat hokimi, viloyat futbol federatsiyasi prezidenti Xayrulla Hayitbaevich Bozarov boshchiligida viloyat futbolini rivojlantirish borasida keng ko'lamdagi ishlar amalga oshirilmoqda. Viloyatimiz rahbarining sayi harakatlari bilan yoshlar futboliga ham jiddiy tarzda e'tibor qaratilmoqda. Namangan shahar hokimi Shavkat Shokirdjanovich Abdurazzoqov “Navbahor” futbol klubi prezidenti etib tayinlangach yoshlarga jiddiy e'tibor qaratish borasidagi ishlar ham boshlab yuborildi.

Kelgusida “Navbahor” futbol klubida mahalliy iqtidor egalarini to'p surishi uchun qator ishlar amalga oshirilmoqda. Qisqa vaqt ichida “Navbahor” yoshlar jamoasiga e'tibor kuchaytirilib, futbolchilarni barcha talablarga javob beradigan sport inshootlarida shug'ullanishlari va o'yinlarda ijobiy natijani qayd etishlari uchun sharoitlar yaratildi. Buning samarasi o'laroq mavsum birinchi yarmini ishonchsiz o'tkazgan yoshlarimiz ikkinchi davraning dastlabki turini mehmonda o'tkazishlariga qaramay yirik hisobdagi g'alabaga erishishdi. Bu esa berilayotgan e'tibordan futbolchilarni ruhiyatini ko'tarilganidan darak beradi.
Bugun Namangan shahar hokimi, “Navbahor” futbol klubi prezidenti Shavkat Shokirdjanovich Abdurazzoqov “Navbahor” yoshlar jamoasi a'zolarini qabul qildi. Klub prezidenti uchrashuv avvalida so'z oldi: - “Futbolda ruhiyat muhim ahamiyat kasb etadi. Jiddiy e'tibor qaratilsa futbolchilarni ruhiyati ham baland bo'ladi. So'nggi paytda O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati a'zosi, Namangan viloyat hokimi, viloyat futbol federatsiyasi prezidenti Xayrulla Hayitbaevichning bevosita rahbarliklarida viloyat futbolni rivojlantirishga jiddiy e'tibor qaratilmoqda. Bunday yuksak e'tiborni futbolchilar amalda isbotlab, munosib bo'lishlari talab etiladi. Asosiy tarkib bilan bir qatorda yoshlar tarkibiga bo'lgan e'tibor ham kuchaytirildi. Yoshlar tarkibini kelgusida yanada yoshartirib, kelajak uchun zamin hozirlash talab etiladi. “Navbahor” yoshlar akademiyasiga ham iqtidorli yoshlarni tarbiyalash maqsadida asos solindi. Yoshlarni futbol bilan shug'ullanishlari va futbolchilarni jamoa sharafini munosib tarzda himoya qilishlari uchun barcha shart-sharoitlar yaratiladi. Kelgusida yosh futbolchilarni malakasini oshirish maqsadida xorijdan ham tajribali mutaxassislarni jalb etish rejasi bor. Bugungi kunda Namangan tumanidagi “Toshbuloq” o'yingohi “Navbahor” yoshlar jamoasi ixtiyoriga berildi. O'yingohda futbolchilarni munosib tarzda shug'ullanishlari uchun sharoitlar muxayyo qilingan. Yoshlar bor e'tiborni faqat futbolga qaratib, mahoratli futbolchi bo'lish uchun intilishlari kerak. Tarkibga futbolchilarni jalb etishda tanish-bilishchilik, qarindosh urug'chilikka barham beriladi. Yani jamoa sharafini munosib o'yinchilargina himoya qilishadi. Akademiyamiz yaqin uch yil ichida o'z mevasini beradi. Boshqa viloyatlarga kyetib qolayotgan futbolchilarimizni o'zimizda olib qolib, mahoratli futbolchi bo'lib yetishishlari uchun zamin yaratib beramiz. Shunday ekan futbolchilar yuqori marralar sari intilib, astoydil harakat qilishlari kerak. Tez orada oylik maoshlarni ham ko'rib chiqib bu boradagi e'tiborni ham kuchaytiramiz. Yil yakunida munosib futbolchilarni tanlab olamiz. Bu esa yoshlar jamoasi a'zolaridan tinimsiz harakat qilish va intilishni talab etadi. Barchalaringizga navbatdagi o'yinlarda omad tilab qolaman”.

Uchrashuv davomida “Navbahor” yoshlar jamoasi a'zolariga Belgiyaning “Patrick” firmasi tomonidan tayyorlangan sport liboslari tantanali ravishda topshirildi. Liboslarni Namangan shahar hokimi, “Navbahor” futbol klubi prezidenti Shavkat Abdurazzoqovdan qabul qilib olgan futbolchilarimizning kayfiyati tog'dek ko'tarildi. Bu hol yoshlarimizga “Qizilqum” jamoasi bilan o'tadigan uchrashuv oldidan qo'shimcha kuch quvvat bag'ishladi desak xato bo'lmaydi. Futbolchilar nomidan so'zga chiqqan yoshlar jamoasi sardori Hojiakbar Yunusov bildirilayotgan e'tibor va yaratib berilayotgan sharoitlar uchun rahbarlarga alohida minnatdorchilik bildirib, maydondagi chiroyli o'yinlari va g'alabalar bilan ishonchni oqlash uchun astoydil harakat qilishlarini bildirdi.

Uchrashuv so'nggida Namangan viloyat futbol federatsiyasi 1-vice prezidenti Bahromjon Xolmirzaev ham so'z olib, futbolni rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar, yaratib berilayotgan shart-sharoitlar uchun Namangan viloyat hokimi X.Bozarov va Namangan shahar hokimi SH.Abdurazzoqovlarga alohida tashakkur izhor qildi. O'z navbatida futbolchilarga bildirilgan ishonchni to'laqonli oqlash uchun o'z ustilarida tinmay ishlashlari lozimligini uqtirdi. Shuningdek, “Navbahor” yoshlar jamoasi murabbiyi Shuhrat Qoraboev, yoshlar jamoasi menedjeri Dilshod Alievlar ham so'z olib, oldinlari yoshlarga bu darajada e'tibor qaratilmaganligini etirof etib, yaratib berilayotgan shart-sharoitlar uchun minnatdorchilik bildirishdi. Kelgusida viloyat futboli va “Navbahor” futbol klubi ravnaqi uchun bor bilim va kuchlarini sarflashga vada berishdi.

“Navbahor” futbol klubi matbuot xizmati.


Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: pfcnavbahor.uz