"O'ylashimcha, JCHda guruhdan chiqamiz" - Anzur Ismoilov

Sherzod Nurmatov
26 dek 2025
O'zbekiston milliy terma jamoasining sobiq futbolchisi, tajribali himoyachi Anzur Ismoilov - bugungi o'zbek futbolining kechagi kunlari bilan hozirini solishtirib ko'rgan, barcha qiyinchiliklarni o'z ko'zi bilan ko'rgan futbolchilardan biri.

Jahon chempionati sari olib borgan to'rtta saralash davri, og'ir safarlar, yetishmovchiliklar va bugun yaratilayotgan zamonaviy shart-sharoitlar - uning futbol hayotining ajralmas qismi.

Futbolchilar uyushmasining 2025 yilgi asssambleyasi doirasida Anzur Ismoilov bilan suhbatlashdik. U milliy terma jamoaning mundialdagi imkoniyatlari, guruhdagi raqiblar, jamoaga bo'lgan ishonch, shuningdek, o'tmishda Janubiy Koreyaga bo'lgan og'ir safar haqida xotiralari bilan o'rtoqlashdi. Shu bilan birga, tajribali futbolchi keyingi mavsumda ham Superligada maydonga tushish niyati borligini yashirmadi.

"Jahon chempionatida guruhimizga kuchli jamoalar tushgan. Kolumbiya juda zo'r jamoa, Portugaliyani hamma biladi. Bizdagi yigitlar ham tayyorgarlik ko'radi. Oldinda yaxshi o'yinlar, o'rtoqlik uchrashuvlari kutib turibdi. O'z yigitlarimizga ishonamiz. O'ylashimcha, guruhdan chiqamiz.

Avvalgi sharoitlar bilan hozirgisini solishtirib bo'lmaydi, chunki men to'rtta saralash bosqichini ko'rganman. U paytlarda bitta forma uchun ham muammolar bo'lardi. Safarlar, mehmonxonalar, qayerda yashashimiz - hammasi muammo edi. Qaysi maydonni bersa, o'sha yerda yugurib yuraverardik. Hozir esa hamma narsa tayyor", – deydi Anzur Ismoilov.

- 2013 yil Koreya Respublikasiga 0:1 hisobida mag'lub bo'lganmiz. O'shanda safarga borishda qiynalganmiz. Xitoydan Vladivostok orqali uchib borilgan va bir sutka yo'qotilgan. Shu voqeaning tarixi haqida guvoh sifatida so'zlab bersangiz...

- Xitoydan to'g'ridan-to'g'ri Koreyaga parvoz qilishimiz kerak edi. Changli ob-havo sabab parvozdan qolib ketganmiz. Vladivostok orqali yetib borish juda qiyin bo'lgan. Hozir esa charter reyslar bor.

- Keyingi yil 41 yoshga to'lasiz. Superligaga tayyorgarlik qanday ketyapti?

- Tayyorgarlik olib boryapmiz. Rahbariyat yana bir yil imkoniyat berdi. Jamoaga yordam berishimni aytishdi. Harakat qilamiz.


Sherzod NurmatovMuallif
Manba: Championat.asia