Aliboev: "Shackix boshqacha futbol talab qilyapti"

Eldor Akmurzayev
2 avg 2022
Superliga 14-turidan o'rin olgan "Paxtakor" - "Dinamo" uchrashuvidan keyin (3:2), mezbonlar a'zosi Ikromjon Aliboev o'z fikrlari bilan o'rtoqlashdi.

- Bugungi o'yin haqida fikrlaringiz?

- Qiyin o'yin bo'ldi. Yangi murabbiy qo'l ostida ilk uchrashuvimizni o'tkazdik. Yutganimiz yaxshi va ularning 2 ta gol urganiga (12 yil deganda) kelsak, bu futbol. Har bir jamoa gol urish uchun harakat qiladi.

- Marat Bikmaev bilan birga o'ynagansiz. Ko'pchilik Bikmaevni hisobdan chiqarib bo'lgandi, ammo bugun ikkita gol urishga erishdi. Mazkur hujumchi haqida nima deya olasiz?

- Bikmaev hali o'zini ko'rsatishga qodir. Bugungi o'yin buni ko'rsatdiki, uni hali hisobdan chiqarish kerak emas.

- Murabbiy almashdi. Slavche Voyneskining o'yin uslubi jamoaga tushmadimi? Maksim Shackixning g'oyasi jamoa geniga yaqinroqmi?

- Albatta, yaqinroq deb o'ylayman. Chunki, 2-3 ta o'rtoqlik o'yinida harakat qildik, tayyorgarlik jarayonida yaxshi taasurot qoldirdi. Avvalgi murabbiylar haqida esa gapirishni xohlamayman. O'ylaymanki, 2-davrada bundan ham yaxshiroq o'yin ko'rsatamiz.

- Chempionlik yo'lidagi asosiy raqib sifatida kimni ko'rmoqdasiz?

- Ochkolarga qarasak, “So'g'diyona”da biz bilan teng ochko. “Navbahor”, “Nasaf” ... Umuman, qaysidir birini ajratib ko'rsatolmayman, hammada imkoniyatlar teng.

- Kurash oxirgi turgacha davom etadimi?

- Men ham shunday o'ylayman.

- Sharqiy Osiyoda o'ynab keldingiz. Kyetishingizdan oldin O'zbekiston chempionatining saviyasi qanday edi va hozir qay holatda? O'yinlar qiyinlashganmi?

- Ha, qiyinlashgan deb hisoblayman. O'yinlar saviyasi ancha o'sgan. Albatta, bundan futbolimiz yutadi.

Faxriddin Ro'ziev yozib oldi


Eldor AkmurzayevMuallif
Manba: Championat.asia