"Bunyodkor"ning OCHLdagi eng yirik g'alabasini yodga olamiz

Narzulla Saydullayev
20 noya 2025
"Retro futbol" rukni orqali navbatdagi o'yinni yodga olamiz.

2008 yil "Bunyodkor" klubi Osiyo chempionlar ligasida debyut qilgan va o'sha mavsumning o'zida yarim finalga qadar yetib borgan edi.

Kuchli guruhda birinchi o'rinni egallagan Mirjalol Qosimov shogirdlari chorak finalda Eronning "Saypa" klubi bilan to'qnash kelishdi. "Saypa"ni o'shanda 1990 yil Germaniya terma jamoasi safida Jahon chempioni bo'lgan Per Littbarski boshqarardi. 2008 yil yozda klub nomi "Quruvchi"dan "Bunyodkor"ga o'zgartirildi, jamoaga "Oltin to'p" sohibi Rivaldo olib kelindi. Eronda kechgan dastlabki bahsda 2:2 hisobi qayd etilgandi.

Toshkentda o'tgan javob bahsida "qaldirg'ochlar"ni istalgan hisobdagi g'alaba qoniqtirardi. Uchrashuv tezkor gol bilan boshlandi. Jeparovning to'pni jarima maydoniga uzatdi, bu yerda Kapadze boshi bilan to'p yo'nalishini biroz o'zgartirdi, chililik to'purar hujumchi Xose Luis Vilyanueva esa boshi bilan raqib darvozasini ishg'ol qildi - 1:0. Oradan 9 daqiqa o'tib Jasur Hasanovning zarbasidan keyin to'p "Saypa" himoyachisi Kaebining qo'liga tegadi. Suriyalik mashhur hakam Muhsin Basma belgilagan penaltini Vilyanueva aniq bajardi - 2:0. Birinchi taym oxirida Vilyanuevaning harakatidan keyin to'p raqib himoyachisi qo'liga tegdi va yana mehmonlar darvozasi tomon penalti belgilandi. Bu safar to'p yoniga braziliyalik Rivaldo keldi va osongina gol urib hisobni yiriklashtirdi - 3:0.

Tanffusdan keyin eronliklar bitta gol urishdi va ularda umid uchqunlari paydo bo'ldi - 3:1. Biroq bu umid uchqunlarini 52-daqiqada Vilyanuevaning goli o'chirib yubordi - 4:1. Uchrashuvning 68-daqiqasida Jeparovning jarimadan uzatgan to'pini Luizao boshi bilan darvozaga yo'lladi va "Saypa"ni "nokaut"ga uchratdi - 5:1. O'sha o'yin videosini MANA BU YERDA ko'rish mumkin. 


Osiyo chempionlar ligasi-2008, chorak final. Javob uchrashuvi
"Bunyodkor" (O'zbekiston) – "Saypa" (Eron) 5:1
24 sentyabr 2008 yil. Toshkent, MHSK stadioni. 15000 tomoshabin.
Bosh hakam
: Muhsin Basma (Suriya).
Gollar:
Xose Luis Vilyanueva 9,
Xose Luis Vilyanueva 18 penalti,
Rivaldo 45 penalti,
Xose Luis Vilyanueva 52 ,
Luizao 68

Sayid Mirgorbani 47.

"Bunyodkor": Pavel Bugalo, Shavkat Raimqulov (Aleksandr Xvostunov, 80), Luizao, Baxtiyor Ashurmatov, Aleksey Nikolaev, Timur Kapadze, Aziz Haydarov, Server Jeparov, Jasur Hasanov (Sahob Jo'raev 75), Rivaldo, Xose Luis Vilyanueva (Ulug'bek Bakaev, 61).
Bosh murabbiy: Mirjalol Qosimov (O'zbekiston).

"Saypa": Vohid Sheyxveysi, Said Beigi (Issa Traore, 25), Sayid Jalol Hussayni, Majid Ayyubi, Kozim Bozchelu (Sayid Mirgorbani, 46), Omid Sharifi Nasab, Ibrohim Sodiqi, Kianush Rahmati, Parvin Muhammad (Milad Zandipur, 59), Hussayn Kaabi, Iman Razagirad.
Bosh murabbiy: Per Littbarski (Germaniya).

Ogohlantirishlar: Raimqulov 57 - Kaebi 18, Rahmati 29, Ayyubi 66,
Chetlatish: Kaabi 90+4 (2SK).
Birinchi o'yin: 2:2.




Narzulla SaydullayevMuallif
Manba: championat.asia