Ispaniya chempionati o'yinlarida muxlislar stadionlarga qaytishlari mumkin

Alisher
23 iyun 2020
Ispaniya chempionati rahbariyati koronavirus pandemiyasi ta’siri bilan o'tayotgan musobaqani o'tkazish reglamentiga o'zgartirishlar kiritishni tayyorlab qo'ydi.

Loyihaning bosh maqsadi qisman muxlislarni stadionga qaytarishdan iborat. Buning uchun ular o'yinlarga tushish uchun majburiy ro'yxatdan o'tishlari kerak. Muxlislar o'yinlarga kichik guruh bo'lib kirishlari mumkin bo'ladi, albatta bundan oldin ularning tana haroratlari o'lchanadi. Agar biror odamning harorati 37,5dan oshgani ma'lum bo'lsa, u o'yinga qo'yilmaydi. Muxlislar stadionga niqob taqib borishlari kerak, o'yin boshlanishidan oldin styuardlar ularga ikki shishadan suv berishadi.

La Liga prezidenti Xaver Tebas anchadan buyon muxlislarning joriy mavsum so'nggiga qadar o'yinga tushishlariga umid qilayotgandi. Yakuniy qaror esa hukumat tomonidan qabul qilinadi.

"10 yoki 15 kun ichida biz muxlislarni stadionlarga qaytarish to'g'risida hukumat bilan kelishuvga erishamiz. Albatta, o'yingohlar to'lmaydi, ammo 10-15 foizini to'ldira olsak, biz bundan juda xursand bo'lardik", - deydi Tebas.

Ispaniya koronavirus avj olgan mamlakatlardan biri edi, ammo so'nggi haftalarda vaziyat yaxshi tarafga o'zgarib, yangi chalinganlar soni keskin kamaymoqda.

Eslatib o'tamiz, La Ligada chempionlik uchun kurash avjida. "Barsa" va "Real" 30 turdan so'ng 65 ochkodan egallagan holda jadvalni boshqarishmoqda.


→ La Liga qaytish sharafiga butun dunyo bo'ylab graffiti tashkil qildi: Benzema - Qobulda, Messi - Balida, Grizmann esa Parijda 

→ Virtual fanatlar va intershum. Kecha La Liga o'yini Bundesligadan ko'ra ancha jonliroq ko'rindi 



AlisherMuallif
Manba: Yahoo Sports