Salomon Rondon terma jamoadagi gollarini 50 taga etkazdi

Оқил Абдубарноев
29 mar 2026
Ertaga O'zbekistonga qarshi maydonga tushishi mumkin bo'lgan Venesuelaning eng yaxshi to'purari Janubiy Amerika mintaqasi bo'yicha Messi, Neymar, Suares va Sanchesdan keyingi o'rinda qayd etilgan.

Venesuela terma jamoasi sardori Salomon Rondon turli konfederatsiyalar jamoalarini o'zaro to'qnash keltiruvchi FIFA Series doirasida O'zbekiston poytaxti Toshkent shahrida bo'lib o'tgan Trinidad va Tobagoga qarshi o'rtoqlik uchrashuvida dubl qayd etib, terma jamoa safidagi gollari sonini 50 taga etkazib oldi va bu orqali o'z mamlakatining tarixidagi eng yaxshi to'purar sifatidagi mavqeini yanada mustahkamlab, faoliyatini yakunlagan Xuan Arangodan naq 27 ta golga o'zib ketdi.

Yangi bosh murabbiy Osvaldo Viskarrondo qo'l ostidagi ilk o'yin sifatida tarixga kirgan mazkur bahsda venesuelaliklar David Alfonso hamda Salomon Rondonning ikkitadan urgan gollari evaziga 4:1 hisobida ishonchli g'alabaga erishdi. Xususan, Rondon 81-daqiqada to'p bilan katta masofani bosib o'tib, darvozabon Smit bilan birga-bir vaziyatga chiqqan holda o'ng oyog'ida aniq zarba yo'llab hisobni oshirgan bo'lsa, oradan besh daqiqa o'tib, yani 86-daqiqada yana bir bor o'z nomini tabloga yozdirib, o'yinning yakuniy 4:1 hisobini o'rnatdi.

Milliy terma jamoa safida 18 yil davomida 122 ta uchrashuvda maydonga tushgan hujumchi endilikda butun Janubiy Amerika qitasi bo'yicha faoliyatini davom ettirayotgan eng sermahsul to'purarlar qatoridan joy oldi – ushbu sharafli ro'yxatni u Lionel Messi (115), Neymar (79), Luis Suares (69) va Aleksis Sanches (51) kabi yulduzlar bilan baham ko'rmoqda.

Dushanba kuni Venesuela "Bunyodkor" stadionida O'zbekiston milliy terma jamoasiga qarshi maydonga tushadi.

Avvalroq 36 yoshli hujumchi O'zbekistonga qarshi o'yin, APLdagi xet-trik hamda to'purarlik mahorati faqida fikr bildirgandi.


Оқил АбдубарноевMuallif
Manba: El Nacional