

- O'yin haqida fikringiz?
- Avvalo barchani Proliga yangi mavsumi bilan tabriklayman. Kecha shahrimiz jamoasi "Aral" g'alaba qozondi, bu bilan ham tabriklayman. Ikki kundan beri shahrimizda futbol bayrami bo'lyapti, bu bilan muxlislarni ham qutlayman.
O'yinga yaxshi tayyorgarlik ko'rgandik, faqat raqib haqida etarlicha ma'lumot topa olmadik. Bilganimiz shuki, "Kattaqo'rg'on" oxirgi marta "Dinamo" bilan o'rtoqlik uchrashuvi o'tkazdi. Boshqa ma'lumotdan xabarimiz yo'q. Raqib o'yinlarini ko'rish imkoni ham bo'lmadi.
Bugun umuman o'yinimiz chiqmadi. Birinchi taymda nimadir qilishga harakat qilib ko'rdik, ikkinchi bo'limda o'yin sxemasini o'zgartirdik, baribir bu ham ish bermadi. Futbolda tajriba katta rol o'ynaydi. "Kattaqo'rg'on" g'alabasida tajriba o'z so'zini aytdi.
O'tkazib yuborilgan gollarga kelsak, har ikkala gol o'z xatolarimiz tufayli kiritildi. Birinchi golda uch himoyachi orasidan raqib o'yinchisi qanday gol urib ketganini o'zim ham tushunmay qoldim. Ikkinchi golda ham o'yinchimiz xatoga yo'l qo'yib to'pni oldirib qo'ydi va raqib yana gol urdi. Lekin baribir hamma aybni murabbiy sifatida o'zimga olaman. Futbolchilarimiz bosimni ko'tara olmadi va yutqazdik deb o'ylayman.
- Zaxiradan tushganlar o'yinni kuchaytirish o'rniga tempni tushirib yuborgandek ko'rindi.
- Bu borada aniq gap aytishim uchun o'yinni tahlil qilib chiqishimizga to'g'ri keladi. Ikkinchi bo'limda sal bo'lsa ham ustunlikka erishdik. Zaxiradan o'yinchilarni maydonga tushirdik. Oldinga qarab o'ynay boshladik. Birinchi taymda umuman oldinga o'ynamadik.
- Agar imkoniyat bo'lganida o'yindagi qaysi daqiqani ortga qaytargan bo'lardingiz?
- Vaqt ortga qaytarib bo'lmaydi, nima bo'lsa o'yinda o'tdi-ketdi. Buyog'iga endi keyingi bahsga tayyorgarlik ko'rishimiz kerak bo'ladi.



